Pokiston hukumati ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida AQSH Prezidenti Donald Trampni Hindiston bilan mojaroda vositachilik qilgani uchun 2026 yilgi tinchlik yo‘nalishi bo‘yicha Nobel mukofotiga tavsiya qildi.
— Yaqinda Hindiston-Pokiston inqirozi davridagi qat’iy diplomatik aralashuvi va fundamental yetakchiligini e’tirof etgan holda, Prezident Donald Trampni 2026 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga rasman tavsiya etishga qaror qildik, — deyilgan bayonotda.
Qo‘shimcha qilinishicha, Tramp Islomobod va Nyu-Dehli bilan diplomatik aloqada bo‘lib, dunyo miqyosida “strategik tarzda uzoqni ko‘ra bilish qobiliyatini, ajoyib davlat arbobi ekanini namoyish etgan” va natijada mamlakatlar o‘rtasidagi keskinlikni pasaytirishga muvaffaq bo‘lgan.
Pokiston hukumati, shuningdek, Amerika rahbarining Kashmir masalasini hal qilishda mamlakatlarga yordam berish istagini qadrlashini qayd etdi.
Trampning o‘zi avvalroq Yaqin Sharq va Afrikada tinchlikka erishish yo‘lidagi sa’y-harakati uchun mukofotga loyiq ekanini aytgandi.