Atoqli bastakor, san’at darg‘asi, O‘zbekiston xalq artisti To‘xtasin Jalilovning musiqiy asarlari milliy ruhi, betakror va ayni paytda xalqchil ohanglari bilan barhayotdir. Poytaxtimizdagi "Turkiston" san’at saroyida ustoz san’atkor xotirasiga bag‘ishlangan "Barhayot ohanglar" nomli adabiy-badiiy musiqiy dastur muxlislar e’tiboriga havola etildi.
Xotira kechasi Madaniyat vazirligi, O‘zbek Milliy maqom san’ati markazi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tashabbusi bilan tashkil etildi. Unda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov rahbarligidagi Yunus Rajabiy nomli "Maqom" ansambli ishtirokidagi jonli ijrodagi konsert namoyish etildi.
Manbalarda keltirilishicha, atoqli bastakor, sozanda va pedagog To‘xtasin Jalilov 1896 yilda Andijonda tug‘ilgan. Juda erta musiqaga mehr qo‘ygan, o‘n yoshligidayoq Farg‘ona vodiysida xushovoz xonanda sifatida tanilgan, bir necha xalq cholg‘u asboblarida kuy ijro eta oladigan T.Jalilov o‘zbek xalq musiqasining durdonalari, vokal va cholg‘u musiqa asoslari bilan asta-sekin tanisha bordi.
[gallery-23992]
1925–1927 yillarda u Hamza tuzgan dramatik gruppa jamoasi bilan konsertlarda qatnashdi. Keyinchalik etnografik konsert ansamblida ishlab, 1928–1934 yillarda Oxunboboyev nomli Andijon musiqa teatrida badiiy rahbar bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. Uning musiqalaridan foydalanib, sahnalashtirilgan qator spektakllar sahnada uzoq umr ko‘rdi.
1934 yilda To‘xtasin Jalilov Toshkent musiqa teatriga – hozirgi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatriga musiqa rahbari etib tayinlandi va bu teatrda musiqali dramalar yaratishda faol ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, san’atkor 1935 yilda Londonda bo‘lib o‘tgan Umumjahon raqs festivalida qatnashdi. 1937 yilda Moskvada bo‘lgan o‘zbek adabiyoti va san’ati dekadasiga tayyorgarlik ko‘rish munosabati bilan u o‘zbek filarmoniyasiga badiiy rahbar etib tayinlangan bo‘lsa, 1940–1949 yillarda Muqimiy nomidagi O‘zbek Davlat musiqali drama va komediya teatrida badiiy rahbar sifatida ishladi. Ayni shu jamoada To‘xtasin Jalilov ijodiy kamolot cho‘qqisiga ko‘tarildi, keng madaniy jamoatchilikka katta iste’dod sohibi sifatida tanildi. Ushbu teatrda sahnaga ko‘yilgan eng sara durdona asarlarning yaratilishida ustoz bastakorning xizmatlari katta bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimiz bastakorlari musiqali dramalar yaratishda T.Jalilov tavsiya etgan qo‘shiqlardan keng foydalanishgan. Uning kuylari Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Qo‘qon va respublikamiz tashqarisidagi teatrlarda sahnalashtirilgan spektakllarga asos bo‘ldi. O‘zbek musiqali drama janri kamolotida muhim o‘rin tutgan va Muqimiy nomidagi teatrg katta shon-shuhrat keltirgan "Qurbon Umarov" (S.Abdulla, 1941), "Nurxon" (K.Yashin, 1943), "Asrlar" (Uyg‘un, 1943), "G‘unchalar" (3.Fatxullin, 1945), "Alpomish" (S.Abdulla, 1945), "Muqimiy" (S.Abdulla, 1953), "Ravshan va Zulxumor" (K.Yashin, 1957), "Tohir va Zuhra" (S.Abdulla, 1953) va boshqa asarlar uning hammuallifligida dunyoga kelgan.
B.Brovsin "Tohir va Zuhra" operasini yaratishda To‘xtasin Jalilov tavsiya etgan yoqimli, ohangrabo kuylardan unumli foydalangan. Ustoz bastakor 200 dan ortiq xalq sevib eshitadigan dilbar qo‘shiqlarning muallifi edi. O‘zbek xalq musiqasi uslubining o‘ziga xosligini, tabiiyligini, qochirimlarga boyligini saqlagan holda, xalq qo‘shiqlari, kuylariga yangi ohang, yangi mazmun baxsh etish ustoz ijodida muhim o‘rin egallagan edi. Bu jihatdan uning Hamza, Sobir Abdulla, Chustiy, Temur Fattoh kabi shoirlarning she’rlariga bastalagan qo‘shiqlari ibratlidir.
Bastakor yaratgan qo‘shiqlar bugungi kunlarda ham o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmay, xalqimizni mehnatsevarlik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, musiqiy didini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.
Musiqiy xotira kechasida To‘xtasin Jalilov ijodidan eng sara namunalar Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansamblining Feruz Norov, Doston Aliyev, Jasur G‘aniyev, Mohichehra Jumanova, Durdona Shodmonova, Sunnatilla Yunusov, Sardorbek G‘ofurov, Quvonchbek Do‘smurodov, Klara To‘rayeva va boshqa ko‘plab xushovoz xonandalari tomonidan katta mahorat bilan ijro etildi.
Atoqli bastakorning mukammal ijod namunalari chin ma’noda barhayot navolar ekani ushbu dastur davomida yana bir karra namoyon bo‘ldi. Musiqa oqshomi juda fayzli va baland ruhda kechdi.
N.Usmonova, Alimurod Mamadaminov (suratlar), O‘zA