Arab Ligasi tashqi ishlar vazirlari Yaqin Sharqdagi mojarolar, xususan, Isroilning 13 iyunda boshlangan Eronga hujumlari bilan bog‘liq voqealarni muhokama qilish uchun Istanbulda yig‘ildi, deb xabar bermoqda “Anadolu” axborot agentligi.
Ular 21-22 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-sessiyasi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Turkiyaga tashrif buyurishdi.
Favqulodda yig‘ilishdan so‘ng e’lon qilingan yakuniy bayonotda aytilishicha, Isroil hujumi “BMTga a’zo davlat suverenitetini ochiqdan-ochiq buzish va mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka tahdid” hisoblanadi.
Vazirlar shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashini tez harakat qilishga va keskinlikni to‘xtatish uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga chaqirdi hamda qarama-qarshilikni yumshatish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatladi.
Bayonotda Isroilning G‘azo sektoridagi so‘nggi jangovar harakatlari va bosib olingan G‘arbiy Sohildagi noqonuniy harakatlarni to‘xtatish talab qilingan. Vazirlar Isroilning xatti-harakati mintaqani kengroq mojaroga yaqinlashtirayotgani haqida ogohlantirdi.
O‘.Alimov, O‘zA