Qashqadaryo viloyatiga amalga oshirilgan tashrif doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududning barcha strategik jihatlarini qamrab olgan holda ko‘lami katta, mazmun jihatdan puxta, xalq manfaatlariga qaratilgan loyihalar bilan tanishdi. Bu tashrif – xalq bilan yaqin muloqot, hudud salohiyatidan oqilona foydalanish, aholi turmush darajasini tubdan yaxshilash va investitsiya muhitini yanada jozibador etishga qaratilgan keng qamrovli davlat siyosatining amaliy natijasi bo‘ldi.
Sanoat, tibbiyot, energetika, turizm, qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik va ijtimoiy infratuzilma sohalarida amalga oshirilayotgan xalqparvar islohotlar mamlakatimizdagi taraqqiyot jarayonlarining ifodasidir. Har bir tashrif manzilida belgilangan vazifalar orqali xalq farovonligini ta’minlash, ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyatini oshirish va eng muhimi, inson qadrini yuksaltirishga xizmat qiluvchi aniq maqsadlar ko‘zlangan.

Qarshi shahridagi “Alp texno servis” kabi yuqori texnologiyali sanoat korxonalari misolida shuni aytish mumkinki, hududda mahalliy va xalqaro hamkorlikda ishlab chiqarish tizimi yangicha bosqichga ko‘tarilmoqda. Elektr maishiy texnika mahsulotlari eksporti orqali viloyat iqtisodiyotiga valyuta kirib kelishi bilan birga, aholi bandligi ta’minlanyapti, dual ta’lim asosida kadrlar tayyorlanmoqda.
Shahrisabz shahrida tashkil etilgan ko‘p tarmoqli kardiologiya markazi esa xalqimiz salomatligini saqlash, tibbiy xizmatlarni sifatli va innovatsion asosda tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu kabi klinikalar orqali zamonaviy davolash, diagnostika va telemeditsina tizimlari rivojlantirilyapti. Ularning boshqa hududlarda ham joriy etilishi sohada milliy modelni shakllantirishga xizmat qiladi.
Yakkabog‘ tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivi va “Eko bozor” loyihalari aholining yashash sharoitini yaxshilash, hudud qiyofasini zamonaviylashtirish va ish o‘rinlari yaratish borasida namunaviy ahamiyatga ega. Quyosh panellari, geliokollektorlar, bolalar bog‘chalari va sayilgohlar – bularning barchasi jamiyatning barqaror rivojiga xizmat qiluvchi ilg‘or yechimlardir.
Shuningdek, Prezident tashrifi davomida Qashqadaryoning sayyohlik salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Miraki turizm markazi, Oqsuv bo‘yidagi ekoyo‘laklar, ko‘ngilochar maskanlar va mehmonxonalar infratuzilmasi hududning milliy va xalqaro turizm xaritasida munosib o‘rin egallashini ta’minlaydi. Bu esa o‘z navbatida, xizmat ko‘rsatish sohasi rivoji, yangi ish o‘rinlari va mahalliy mahsulotlar bozori kengayishiga olib keladi.
Qayd etish joizki, Qashqadaryo viloyatida energetika sohasida ham muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Shahrisabzdagi Hisorak kichik GESi va istiqbolda quriladigan 416 ta mikro GES viloyatning energetik mustaqilligini ta’minlash, ekologik toza energiya manbalarini ko‘paytirish va tabiiy gaz tejamkorligini oshirishda katta ahamiyatga ega. Bu kabi loyihalar energiya ta’minotini barqarorlashtirib, ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz tashrif chog‘ida Qashqadaryo adirlarida tashkil etilgan agroturizm majmuasini ham borib ko‘rdi. Ilgari quruq bo‘lgan yerlarni uzumzor va bog‘zorlarga aylantirish orqali eksportbop mahsulot yetishtirish, mehmonxona va restoran xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Bu nafaqat daromad, balki viloyatdagi tabiat salohiyatini oqilona rivojlantirishning namunasidir.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, mazkur tashrif davomida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan har bir tashabbus, har bir loyiha xalqqa xizmat qilish, inson hayotini yaxshilash, hududlarni rivojlantirish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan. Qashqadaryoning salohiyati katta. Har bir soha – sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, turizm yoki tibbiyot bo‘ladimi – to‘g‘ri yondashuv va tizimli harakat bilan iqtisodiyotni yanada yuksaltirishga qodir. Buning uchun esa hamjihatlik, mas’uliyat va innovatsion fikrlash zarur.
Bir so‘z bilan aytganda, Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat viloyat, balki yurtimiz taraqqiyotining bir bo‘lagi sifatida alohida ahamiyatga ega. Jadal rivojlanayotgan O‘zbekistonning har bir hududida barpo etilayotgan islohotlar, zamonaviy infratuzilma, tadbirkorlik va sanoat sohalaridagi keng qamrovli loyihalar markazida inson manfaatlari, barqaror taraqqiyot va adolatli jamiyat qurish g‘oyalari mujassamdir. Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar xalqimiz hayotiga tub o‘zgarishlar olib kelmoqda va bu islohotlar yanada samarali bo‘lishi uchun keng jamoatchilik ushbu ishlarga hamohang harakatni ta’minlashi va har bir faol fuqaro bu harakatlardan chetda qolmasligi zarur.
Davron Kesimov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.
O‘zA