Vetnamda U23 yosh toifacida o‘tayotgan sport kurashlari bo‘yicha Osiyo chempionati qizg‘in pallaga kirdi. Chempionatning yunon-rum kurashi bahslari o‘z yakuniga yetgan bo‘lsa, ayollar kurashida ilk g‘olib va sovrindorlar nomi aniq bo‘ldi.
Yunon-rum kurashi bo‘yicha so‘nggi bellashuvlarda vazni 63 kilogrammgacha bo‘lgan polvonimiz Husniddin Olimboyev kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Jonpo‘lat To‘lqinboyev (-55 kg.) va Rahimjon Uzoqov (-87 kg.) bronza medali bilan taqdirlandi.

Shu tariqa, mazkur yo‘nalishda terma jamoamiz 2 tadan oltin va kumush, 3 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Musobaqaning ayollar kurashida Mushtariy Tolipbekova hamda Layloxon Sobirova o‘z vazn toifalarida bronza medaliga ega chiqdi. Mazkur yo‘nalishdagi bellashuvlar davom etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA