Vatanimiz tarixidagi 20 iyun sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1892 yil (bundan 133 yil oldin) – Xurshid taxallusi bilan ijod qilgan shoir va dramaturg, O‘zbekiston milliy musiqali drama teatri asoschilaridan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Shamsiddin Sharafiddinov tavallud topdi (vafoti 1960 yil). U o‘zbek dramaturgiyasida birinchi marta Navoiy “Xamsa”siga kirgan dostonlar asosida musiqali dramalar yozgan.
1911 yil (bundan 114 yil oldin) – adabiyotshunos, shoir va dramaturg, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Xolid Rasul tavallud topdi (vafoti 1991 yil). Uning she’rlarida tabiat manzaralari, inson ichki kechinmalari, o‘zbek xalqining fidokorona mehnati ulug‘langan. U Furqat ijodining ilk tadqiqotchisi hisoblanadi.
1914 yil (bundan 111 yil oldin) – Istanbulning Gulxona parkida din va jamoat arbobi, jadidchilik harakatining yetakchilaridan biri Behbudiy bilan jadidchilik harakati asoschisi Ismoilbek Gasprinskiy o‘rtasida o‘zaro muloqot bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv tafsilotlari Behbudiy qalami bilan yozilgan va “Oyna” jurnalining shu yildagi 49-sonida e’lon qilingan.
Suhbat juda maroqli bo‘lib o‘tganini Behbudiy shunday eslaydi: “Ustod hazratlarini Istanbulda ko‘rmoq va suhbat etmoq hech xayolimga kelmagan edi. Allohning lutfi ila ustod hazratlarining tanhoyi 7 soat suhbatlaridan u qadar fayz topib mamnun qoldimki, aytgan ila ado etolmayman. Va ul suhbatning lazzati aslo mandan ketmaydur”. Bu, XX asrning birinchi choragida yashab, turkiy xalqlar olamini munavvar etgan ikki ulug‘ ma’rifatparvarning eng so‘nggi uchrashuvi edi.
1922 yil (bundan 103 yil oldin) – Turkiston Respublikasi hukumati “Madrasa va masjidlarga vaqflarni qaytarish to‘g‘risida”gi 75-sonli dekret chiqardi. Unga ko‘ra, vaqf (musulmon mamlakatlarida davlat yoki ayrim shaxslar tomonidan diniy ehtiyoj yoki xayriya ishlari uchun ajratilgan mol-mulk)lar avvalgi egalariga kaytarib berildi.
1924 yil (bundan 101 yil oldin) – Turkiston Namuna teatri tomonidan Toshkentdagi “Kolizey” binosida dramaturg Xurshid qalamiga mansub, Mannon Uyg‘ur talqinidagi “Farhod va Shirin” spektaklining premerasi bo‘lib o‘tdi. Asar “Kolizey”da o‘ynalgani bois sahnani bezatish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Cho‘lponning yozishicha, “Farhod va Shirin”ni sahnalashtirishga ikki rassom chaqirilib, dekoratsiyalar ishlatilgan, sahna effektlari uchun nurli apparatura sotib olingan. Shirin o‘rdasida, ziyofat majlisida arman raqslari ijro etiladi.
1930 yil (bundan 95 yil oldin) – molekulyar biologiya va hujayra biologiyasi sohasidagi olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Jahongir Hamidov tavallud topdi. Uning rahbarligida tireoid gormonlar faolligini genetik boshqarish mexanizmi ishlab chiqilgan; radioaktiv nurlarning kichik dozada rivojlanayotgan organizmda qalqonsimon bez funksiyasini oshirishi aniqlangan.
1990 yil (bundan 35 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sovetining ikkinchi sessiyasida “Mustaqillik deklaratsiyasi” qabul qilindi.
1990 yil (bundan 35 yil oldin) – O‘zbekistonning birinchiPrezidenti boshchiligida 64 kishidan iborat Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. 1991 yilning aprel oyida Komissiyaning birinchi majlisi bo‘ldi. Konstitutsiya loyihasining boblarini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhlari tashkil etildi.
1991 yil (bundan 34 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy bayram «Qurbon hayit»ni dam olish kuni deb e’lon qilish haqida”gi farmoni qabul qilindi.
1996 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi va Bruney Dorussalom Sultonligi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatildi.
2006 yil (bundan 19 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish samaradorligini oshirish va aholini ular bilan ta’minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida «Yashirin iqtisodiyot» ulushini qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Dzyudo sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA