Eron 19 iyun kuni tongda Isroilga 20 ta raketa uchirdi, hujum oqibatida 40 ga yaqin isroillik tan jarohati oldi. Ma’lum qilinishicha, havo hujumidan ogohlantiruvchi trevoga Isroil bo‘ylab yangragan. Eronning ballistik raketalaridan biri Isroil janubidagi Bear Sheva shahridagi Soroka kasalxonasiga zarba bergan. Mahalliy nashrlar va ommaviy axborot vositalari bino shikastlanganini ko‘rsatuvchi shifoxonadan olingan videolarni e’lon qilmoqda. Zararning aniq ko‘lami, qurbonlar va jarohatlanganlar haqida rasmiy ma’lumot mavjud emas.
Rossiya Ukrainadagi urushni “imkon qadar tezroq”, afzalrog‘i, tinch yo‘l bilan tugatmoqchi va muzokaralarni davom ettirishga tayyorligini ma’lum qildi. Yirik xalqaro axborot agentliklari bosh muharrirlari bilan bo‘lib o‘tgan davra suhbatida Putin prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorligini bildirgan.
“Rossiya muzokaralarda Ukraina nomidan kim ishtirok etayotgani bilan qiziqmaydi, lekin har qanday yakuniy kelishuv qonuniy hokimiyat imzosiga ega bo‘lishi kerak”, dedi Putin.
AQSH razvedkasi Eronning yadroviy qurol yaratish ustida ishlayotganiga doir dalillarni topmadi. Bu haqda Senatning razvedka bo‘yicha maxsus qo‘mitasi rais o‘rinbosari Mark Uorner xabar berdi. Senatorning eslatishicha, mart oyida AQSH Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard “Eron bomba yaratish bo‘yicha hech qanday harakat qilmagani” haqida bayonot bergan.
Eron birinchi marta og‘ir, uzoq masofali, ikki bosqichli “Sejjil” raketalaridan foydalanib, Isroil nishonlariga zarba berdi. Ma’lum qilinishicha, 18 iyun kuni kechasi “Haqiqiy va’da 3” operatsiyasi doirasida Isroilga qarshi javob zarbalarining 12-to‘lqini amalga oshgan. Hujum oldidan Eron isroillik muhojirlarni bosib olingan hududlardan qochishga chaqirgan. IIQK avvalgi hujumlarda yahudiy davlatining havo hujumidan mudofaa tizimlari yo‘q qilinganini ta’kidlagan.
AQSH harbiy havo kuchlarining “Qiyomat kuni samolyoti” sifatida tanilgan Boing E-4B Nightwatch borti Yaqin Sharqdagi keskinlik fonida boshqa aviabazaga parvoz qildi. Ma’lum qilinishicha, uchoq Bojer Siti shahridan (Luiziana shtati) havoga ko‘tarilgan. U qirg‘oq bo‘ylab uchib, Virjiniya va Shimoliy Karolina chegarasi atrofida halqa yasagan. Shundan keyin esa Merilend shtatidagi Endryus aviabazasiga qo‘ngan.
AQSH davlat departamenti elchixonalar va konsulliklarga may oyi oxirida to‘xtatilgan talabalar viza uchrashuvlarini qayta tiklash mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda CNN xabar berdi. Endilikda elchixonalar talaba vizasi uchun ariza beruvchilarni “AQSH fuqarolariga, madaniyat, hukumat va muassasalariga dushmanlik munosabati bor yoki yo‘qligini” tekshirib ko‘radi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/7gwjCfWbPFs" title="Eron Isroilga 20 ta raketa uchirdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA