Britaniyaning Skytrax konsalting kompaniyasi tomonidan tuziladigan World Airline Awards reytingida Qatar Airways yana bir bor birinchi o‘rinni egalladi. Bu bilan kompaniya to‘qqizinchi marta dunyoning eng yaxshi aviakompaniyasi unvoniga sazovor bo‘ldi.
G‘oliblar ro‘yxati Parijda bo‘lib o‘tgan Xalqaro aviakosmik salon doirasida e’lon qilindi. Reyting 1999-yildan beri har yili Skytrax tomonidan yo‘lovchilarning fikriga asoslanib tuziladi. So‘nggi tahlilda 22,3 millionga yaqin yo‘lovchi ishtirok etib, 325 dan ortiq aviakompaniyani turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholagan. Kuchli o‘ntalik quyidagicha shakllandi:
Qatar Airways — Hashamati, xizmat sifati va zamonaviy samolyotlari bilan tanilgan. Ko‘p marta “Eng yaxshi aviakompaniya” deb e’tirof etilgan.
Singapore Airlines — Yuqori darajadagi xizmat, qulay o‘rindiqlar va samimiy ekipaj bilan mashhur.
Emirates — Yangi va texnologik rivojlangan samolyotlari (masalan, A380), ajoyib ko‘ngilochar tizimi bilan ajralib turadi.
ANA (All Nippon Airways) — Yaponiyaning eng yirik aviakompaniyasi. Xizmat sifati va tozalikka e’tibor katta.
Cathay Pacific — Gonkong markazli aviakompaniya. Xavfsizlik va xizmatda yuqori standartlar.
Turkish Airlines — Yevropani Osiyo va Afrika bilan bog‘lovchi ko‘plab yo‘nalishlarga ega. Mazali ovqatlar bilan tanilgan.
Air France — Fransiyaning flagman aviakompaniyasi. Uslub, madaniyat va xizmat uyg‘unligi.
Japan Airlines — ANAdan keyin Yaponiyadagi yetakchi aviakompaniya. Sokin parvoz va yuqori xizmat darajasi bilan tanilgan.
Korean Air — Koreya Respublikasining eng yirik aviakompaniyasi. Texnik xavfsizlik va xizmat darajasi yuqori.
Hainan Airlines — Xitoyning yuqori darajali xizmat ko‘rsatadigan aviakompaniyalaridan biri.
Bundan tashqari, “Eng yaxshi ekipaj” nominatsiyasida Singapore Airlines yetakchilik qildi. Turkish Airlines esa Yevropa mintaqasida eng yaxshi aviakompaniya sifatida tan olindi. EVA Air (Tayvan) esa “Eng ozoda aviakompaniya” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Afsuski, O‘zbekiston aviakompaniyalari bu yilgi eng yaxshi 100 talik ro‘yxatga kira olmadi. Shunga qaramay, qo‘shni davlat Qozog‘istondan Air Astana 36-o‘rinni, byudjet aviakompaniyasi FlyArystan esa 87-o‘rinni egalladi.
Skytrax reytingi xalqaro aviatsiya sohasida eng nufuzli ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi va u aviakompaniyalar orasidagi raqobat, xizmat sifati va yo‘lovchi ehtiyojlariga e’tibor darajasini aks ettiradi.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/G1V8CyLyJyA" title="Dunyoning eng yaxshi aviakompaniyalari reytingi e’lon qilindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA