Ertaga, 18 iyun kuni poytaxtimizda mukofot jamg‘armasi 121 ming 500 AQSH dollaridan iborat “UzChess Cup-2025” xalqaro turniri boshlanadi.
Ikkinchi bor tashkil etilayotgan mazkur nufuzli turnirning "Masters" guruhida FIDE reytingida 2700 ochkodan yuqori ballga ega bo‘lgan Arjun Erigaysi, Rameshbabu Praggnanandxaa, Yan Nepomnyaiy, Richard Rapport, Parxam Magsudlu va hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov g‘oliblik uchun kurash olib borsa, “Challengers” guruhida Aram Akopyan(Armaniston), Nijat Abbasov(Ozarbayjon), Nikolas Teodorou(Germaniya), Vasiliy Ivanchuk(AQSH), Vitaliy Sivuk(Shvetsiya) Ma Syun(Xitoy), shuningdek o‘zbekistonlik Jahongir Vohidov, Muhiddin Madaminov, Muhammadzohid Suyarov, Gulruhbegim Tohirjonova dona suradi.
Bugun, 18 iyun kuni xalqaro turnirda ishtirok etadigan xorijlik shaxmatchilar O‘zbekistonga yetib keldi. Ular tashkiliy qo‘mita a’zolari tomonidan kutib olindi.
Bugun kun davomida mandat komissiyasining yig‘ilishi hamda "Masters" va “Challengers” guruhidagi o‘yinlar uchun qur’a tashlash marosimi tashkil etiladi.
Xalqaro turnir nizomiga muvofiq, 9 ta turdan iborat bo‘lgan bahslar 27 iyunga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, ikkinchi marta tashkil etilayotgan “UzChess Cup-2025” xalqaro turnirining "Masters" guruhida g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 20 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi. Shuningdek, mukofot jamg‘armasidagi tegishli mablag‘lar 9-o‘ringacha joy olganlar orasida taqsimlanadi. “Challengers” guruhi g‘olibiga esa 6 ming AQSH dollari nasib etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA