Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlarda raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik bugungi kunda mintaqaviy barqarorlik hamda iqtisodiy taraqqiyotning muhim omili sifatida e’tirof etilmoqda.
SHHT doirasidagi ushbu hamkorlik axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, raqamli xavfsizlik, IT ta’lim va kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarini qamrab olgan.
Tomonlar raqamli sohadagi mutaxassislarni tayyorlash, tajriba almashish va SHHT doirasidagi universitetlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishmoqda.

Xitoyda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar ishtirokida raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan forumning ochilish marosimida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
O‘z nutqida vazir raqamli transformatsiya jarayonlari, axborot texnologiyalari va innovatsiyalarni joriy etish orqali SHHT davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, u O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, raqamli infratuzilmani kengaytirish va raqamli xizmatlardan foydalanish darajasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Tadbir doirasida ishtirokchi davlatlar raqamli texnologiyalar yo‘nalishida tajriba almashish, raqamli xavfsizlikni ta’minlash, sun’iy intellekt va boshqa raqamli yechimlarni amaliyotga tatbiq etish borasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi.
Shuningdek, vazir tadbir ishtirokchilarini joriy yilning 23–26-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “ICTWeek–2025” haftaligiga taklif qildi.
N.Rahmonova,
O‘zA