Pul yig‘ish – iqtisodiyot alifbosining muhim tamoyillaridan biri hisoblanadi. Bu juda elementar masalaga o‘xshaydi, aslida esa juda qiyin ishlardan biri. Boy bo‘lish sirlari haqida so‘z borar ekan, topilgan daromadning ma’lum qismini jamg‘arib borish tavsiya etiladi.
Jamg‘ardik ham deylik, lekin uni uyda saqlash to‘g‘ri ish emas. Chunki, joyi chiqadi-yu, ishlatib yuborganingizni bilmay qolasiz. Yaxshisi, pulni banklarda saqlagan afzal. Bunda, bir tomondan pulning xavfsizligi ta’minlanadi, qolaversa, omonatga qo‘yilgan pul ma’lum miqdorda ko‘payib boradi. Eng muhimi, davlatimiz tomonidan banklardagi omonatlar kafolatlarini ta’minlash tizimi yaratilgan.
Joriy yil 19 fevralda kuchga kirgan “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun bu boradagi yana bir muhim qadam bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, ushbu qonunning faqat 20-moddasi joriy yil 19 mayda kuchga kirdi.
Qonun bilan banklardagi omonatlarni himoyalashning qanday yangi tizimi ishga tushirildi? Qonunning 20-moddasida nimalar nazarda tutilgan?
O‘zA muxbiri Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev bilan shu haqda suhbatlashdi.
– Bank-moliya tizimining uzoq muddatli barqarorligini ta’minlash va omonatlarni kafolatlash tizimini isloh qilish, ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish uchun ushbu qonun qabul qilindi. Jahon banki ekspertlari ko‘magida ishlab chiqilgan qonunning maqsadi omonatchilarning huquq va manfaatlari kafolatli himoya qilinishini ta’minlash va aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashdir.
– Qonunni ishlab chiqish zarurati aynan qaysi masalalarga borib taqaladi?
– Jismoniy shaxs bo‘lgan ko‘plab mijozlarga xizmat ko‘rsatib kelayotgan va eng ko‘p filial tarmog‘iga ega bo‘lgan bank – Xalq banki omonatlarni kafolatlash tizimida ishtirok etmas edi. Shu sababdan Xalq bankiga joylashtirilgan omonatlar davlat tomonidan kafolatlangan.
Bu holat boshqa banklardagi omonatlar Fuqarolarning omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan to‘la hajmda kafolatlanganini hisobga olgan holda, omonatchilar nuqtai nazaridan raqobat muhitining sezilarli o‘zgarishiga olib kelmadi.
Xalqaro tajribaga muvofiq, omonatlarni cheklangan miqdorda kafolatlash tizimiga o‘tilishi hamda birgina bankning mazkur tizimdan chetda qoldirilishi va mazkur bankdagi omonatlarning to‘liq hajmda kafolatlanishi bozor muvozanatiga, shuningdek, xususiy moliya sektori rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu munosabat bilan, boshqa tijorat banklari bilan bir xil sharoitda raqobatlashishi uchun Xalq bankidagi omonatlarni davlat tomonidan kafolatlash tizimini bekor qilish hamda mazkur bankni fondning to‘laqonli a’zosiga aylantirish maqsadga muvofiq hisoblandi.
Endilikda omonatlarni kafolatlash tizimiga a’zolik barcha tijorat banklari uchun bir xil, ya’ni majburiy bo‘ldi.
– Omonatlarni kafolatlash hajmi miqdor jihatdan o‘zgarganini qanday tushunish kerak?
– Omonatlarni kafolatlash hajmi miqdor jihatdan cheklangan bo‘lishi va ko‘pchilik omonatchilarga nisbatan tatbiq etilishi lozim.
O‘zbekistonda 2008 yilning oxirigacha fuqarolarning omonatlari bo‘yicha haq to‘lashning maksimal miqdori eng kam ish haqining 250 baravariga tenglashtirilgan edi. Biroq, jahon moliyaviy inqirozi davrida omonatning miqdoridan qat’iy nazar, uni to‘liq hajmda qoplab berish amaliyoti joriy etildi.
Qonun bilan bir bankda bir omonatchiga to‘lanadigan kompensatsiya, agar kafolatlash ob’ektining miqdori ikki yuz million so‘m yoki undan kam bo‘lsa, kafolatlash ob’ekti qoldig‘ining to‘liq hajmini, agar kafolatlash ob’ektining qoldig‘i ikki yuz million so‘mdan ko‘p bo‘lsa, ikki yuz million so‘mni tashkil qilishi belgilandi.
Omonatlarni qoplash bo‘yicha cheklov mavjud bo‘lmaganda, omonatchilar omonatlarning qaytarilishi kafolatlanganiga tayanib, bankning moliyaviy holati va faoliyat tavakkalchiligi bilan qiziqmasdan o‘z mablag‘larini yuqori foizli omonatlarga joylashtiradi.
Kafolatlash miqdorini cheklash bank tizimi barqarorligini ta’minlash hamda omonatchilar va banklarning mas’uliyatsiz xatti-harakatlarining oldini olishga qaratilgan bozor intizomini rag‘batlantirishning zarur sharti hisoblanadi.
– Banklardagi omonatlarning himoya qilinishi kafolatini qaysi organ muvofiqlashtirib boradi?
– Banklardagi omonatlarning himoya qilinishini kafolatlash sohasidagi vakolatli organ - Omonatlarni kafolatlash agentligi hisoblanadi.
Qonunda agentlikning faoliyati va uning vazifalari, huquq va majburiyatlari belgilandi. Agentlik Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa organ va muassasalar bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi.
Agentlikning kuzatuv kengashi – Agentlikning yuqori boshqaruv organi. Kengash besh nafar a’zodan iborat bo‘lib, uning tarkibiga Markaziy bank raisi, Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi hamda O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasining tegishincha mazkur davlat organi va tashkilot tomonidan tayinlangan bittadan vakili hamda fuqarolik jamiyati institutining Markaziy bank tomonidan tayinlanadigan vakili kiradi.
Markaziy bank raisi kengash raisi hisoblanadi. Rais o‘rinbosari kengash a’zolari orasidan saylanadi. Kengash a’zolarining vakolatlari muddati ular tayinlangan kundan e’tiboran besh yilni tashkil etadi, bundan kengash raisi mustasno.
– Omonatlarni kafolatlash agentligi aynan qanday ishlarni amalga oshiradi?
– Agentlik kafolatlash tizimi, banklarning kafolatlash tizimida ishtirokiga e’tibor qaratadi. Kafolatlash tizimi mablag‘larini boshqarish, Kafolatlash fondi mablag‘lari manbalari va mazkur mablag‘lardan foydalanish, Kafolatlash fondi taqchilligini moliyalashtirishni amalga oshiradi.
Kafolatlash ob’ektlari, kafolatlangan omonatlar miqdori va ular bo‘yicha kompensatsiya to‘lash tartibini belgilaydi. Kompensatsiya miqdori, kompensatsiya to‘lab berishning umumiy prinsiplari, kompensatsiyalarni to‘lab berish tartibi, omonatchilarning huquqlari himoyasini ta’minlaydi. Kafolatlash tizimi ishlashi to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor etib boradi.
Samarali tarzda shakllantirilgan omonatlarni kafolatlash tizimi moliyaviy barqarorlikni ta’minlashning asosiy elementi hisoblanadi.
Markaziy bank tomonidan bankning litsenziyasi chaqirib olinganda, omonatchilarning mablag‘lari tezkorlik bilan Agentlik tomonidan Kafolatlash fondi mablag‘lari hisobidan qaytarib berilishi kerak. Bu boshqa banklardagi omonatchilar o‘z pul mablag‘larini ommaviy yechib olishi (“bank run”)ning oldini olish orqali bank-moliya tizimidagi barqarorlikni saqlab turishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, omonatlarning ommaviy yechib olinishining oldini olishga qodir bo‘lgan omonatlarni kafolatlash tizimi mavjud bo‘lganda, regulyatorga muammoli banklarni bozordan chiqarish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishi qulay va oson bo‘ladi.
– Qonunning 20-moddasida nimalar nazarda tutilgan?
– Qonunning 20-moddasi “Maxsus badal” deb nomlangan. Maxsus badal, deganda kalendar badalga qo‘shimcha ravishda Fuqarolarning omonatlarini kafolatlash fondiga to‘lanadigan pul mablag‘lari tushuniladi.
Maxsus badal fond mablag‘larining haqiqatdagi yoki ehtimoldagi taqchilligini bartaraf etish va (yoki) kompensatsiyalar to‘lash yoki sanatsiya vositalarini qo‘llash uchun jalb etilgan qarz mablag‘larini to‘lash, shuningdek, fond mablag‘laridan foydalanilganidan keyin uning mablag‘larini belgilangan muddatlarda maqsadli miqdorga yetkazish uchun belgilanadi.
Maxsus badallardan Agentlikning ma’muriy xarajatlarini moliyalashtirish uchun foydalanilishi mumkin emas.
Kengashning maxsus badalni belgilash to‘g‘risidagi qarori Markaziy bank bilan kelishilishi lozim. Mazkur qarorni kelishishda Markaziy bank maxsus badal to‘lanishining O‘zbekiston Respublikasi moliyaviy barqarorligi va banklarning moliyaviy holatiga ta’sirini hisobga oladi.
Agar Markaziy bank maxsus badalni to‘lash bir bankning yoki bir nechta bankning to‘lov qobiliyatiga tahdid solishi mumkin, degan qarorga kelsa, Markaziy bank Agentlikdan mazkur bankka (banklarga) maxsus badalni to‘lashi uchun olti oydan ortiq bo‘lmagan boshqa muddat belgilanishini talab qilishi mumkin. Bunda, Markaziy bank Agentlikning maxsus badalni belgilash to‘g‘risidagi qarori kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida Agentlikka qabul qilgan qarori to‘g‘risida xabar berishi kerak.
Agentlik kengashning maxsus badalni belgilash to‘g‘risidagi qarori Markaziy bank bilan kelishilgan kundan e’tiboran bir ish kunidan kechiktirmay banklarni va moliyaviy barqarorlik bo‘yicha tuziladigan maxsus kengashni xabardor qiladi. Bunda, maxsus badalni belgilash asoslari, bank tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan summalar, bank xabardor qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan kam bo‘lmagan to‘lov muddati belgilangan talablarning inobatga olingani ko‘rsatilgan bo‘lishi shart. Maxsus badalni to‘lash bankni kalendar badalni to‘lash majburiyatidan ozod etmaydi.
Xulosa qilib aytganda, qonun omonatchilarning mulkiy huquqlarini kafolatli himoya qilishga xizmat qiladi. Banklarga bo‘lgan ishonchning ortishini ta’minlaydi.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova
suhbatlashdi.