Bugun insoniyat atrof-muhit, ekologiya bilan bog‘liq ulkan sinov qarshisida turibdi. Iqlim o‘zgarishi, atmosfera havosining ifloslanishi, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik, cho‘llanish, o‘simlik va hayvon turlarining kamayishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi kabi o‘tkir ekologik muammolar butun insoniyatni, olimlarni o‘yga toldirmoqda. Qurg‘oqchilik, yerlarning degradatsiyasi, intensiv dehqonchilik amaliyoti va suvni noto‘g‘ri boshqarish, biologik xilma-xillik yo‘qolishi, iqlim o‘zgarishi kabi omillar bugun dunyoning 165 dan ortiq mamlakatlarini qamrab olgan. Demak, ushbu muammolar global xarakterga ega hisoblanadi.
Ayniqsa, o‘rmonlarning ayovsiz kesilishi, yashillikning kamayishi, suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi oqibatida qurg‘oqchilik va cho‘llanishning ortib borayotgani Yer sayyorasining hayot tarziga katta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda 550 million aholi cho‘l hududlarida yashaydi. Bir paytlar cho‘l, qurg‘oqchilik deganda Afrika qit’asi ko‘z o‘ngimizga kelgan bo‘lsa, ayni paytda bu muammo bir qit’a yoki hudud bilan chegaralanmayapti. Har soniyada dunyo bo‘ylab 23 gektar hudud cho‘llanishga uchrayapti. Agar vaziyat shu zaylda davom etaversa, 2050 yilga borib, Yer yuzining 95 foizi cho‘llanishi va bu 3 milliarddan ziyod odamning oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekishiga sabab bo‘lishi mumkinligi aytiladi.

Bu borada O‘zbekistonda ham holat ijobiy ko‘rinishda emas. Olimlarimizning fikriga ko‘ra, yurtimizda bir daqiqada 10 kvadrat metr hosildor yer cho‘llanib boryapti. Orol dengizining 6 million gektar maydoni cho‘lga aylanib bo‘lgan.
Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi dunyo miqyosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 1994 yilda BMT tomonidan cho‘llanish va yer degradatsiyasiga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiya ishlab chiqilib, barcha a’zo davlatlar tomonidan imzolangan. Yana o‘sha yili BMT Bosh Assambleyasining 49-sessiyasida 17 iyun Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni sifatida ta’sis etilgan. Bundan maqsad dunyo jamoatchiligi e’tiborini cho‘llanishdek o‘tkir ekologik muammoga qaratish, buning oldini olish choralarini ko‘rishga undashdan iborat. Har yili ushbu ekologik sana dunyo bo‘yicha keng nishonlab kelinadi.

Ta’kidlash lozimki, cho‘llanishga bir tomondan insoniyatning xatti-harakati, nomaqbul yondashuvlari sabab bo‘layotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan iqlim o‘zgarishi oqibatida bu muammo keskinlashib bormoqda. Shunday ekan, har bir inson tabiatga, atrof-muhitga yaxshi munosabatda bo‘lishi, suv resurslaridan oqilona foydalanishi, yashil maydonlarni ko‘paytirishga hissa qo‘shishi zarur. Shuningdek, ona tabiat oldidagi mas’uliyatni unutmasligi lozim.
Muhtarama Komilova,
O‘zA