Xabaringiz bor, keyingi paytlarda banklar boshqa moliya muassasalari qatorida xizmat koʻrsatish borasida yangi takliflar va mijozlar uchun qulay xizmatlarni taqdim etmoqda. Bu esa sogʻlom raqobat muhitida tashkilotning imiji hamda mavqeyini mustahkamlash bilan birgalikda, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash, rivojlantirishning muhim omiliga aylanmoqda.
“Oʻzmilliybank” AJ xodimlari uchun Bank-moliya akademiyasida tashkil etilgan oʻquv mashgʻulotida “Faktoring xizmatlari koʻrsatishning zamonaviy talablari” mavzusida taqdimot boʻlib oʻtdi.
Faktoring — bu sotuvchi tomonidan kechiktirilgan toʻlov sharti bilan yetkazib berilgan mahsulotlar uchun pulni avvaldan olish, Bankka debitorlik qarzini talab qilish huquqini sotilishi demakdir. Yaʼni sotuvchi keyinroq olinishi mumkin boʻlgan tushumni avvaldan pulga almashtiradi va buning uchun bankka haq toʻlaydi.
Mazkur oʻquv mashgʻuloti “Oʻzmilliybank” AJning Bosh ofisi, Toshkent shahar hamda Bankning hududiy boʻlinmalari xodimlari oʻrtasida tashkil etilib, faktoring xizmatini iqtisodiyot sohalarining oʻziga xosligi, xususan, xizmatlar va zargarlik sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlari ehtiyojini inobatga olgan holda taqdim etish, onlayn platforma orqali faktoring xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha oʻzaro savol-javoblar va muhokamalar olib borildi.
Albatta, har bir soha taraqqiyotida eng asosiysi bu yangi bilimlar hamda tajribalarni oʻrganishdir. Binobarin, bilimlarni hayotga tatbiq etish orqali nafaqat bank manfaatlari, balki hamkorlar foydasi uchun ham keng yoʻl ochiladi.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati