Yozgi ta’til o‘quvchilar uchun nafaqat dam olish vaqti, balki shaxsiy rivojlanish, qobiliyatlarini namoyon qilish uchun qulay imkoniyatdir.
Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘quvchi-yoshlarning yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etish, ularni madaniy, ma’rifiy va sport tadbirlariga faol jalb qilish maqsadida "Dolzarb 90 kun" loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha doirasida yoshlarning vaqti ta’til davomida unumli o‘tadi, ular kerakli mashg‘ulotlarga jalb etiladi.
Ammo ijtimoiy tarmoqlarda “Dolzarb 90 kun” tadbirlari to‘g‘risida turli fikrlar tarqaldi va muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, har yili yozgi ta’til davrida o‘quvchilarning maroqli dam olishlari hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida turli chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Xususan, bugunga qadar maktablarda kunduzgi oromgohlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Turli madaniy va sport tadbirlari, tanlov va musobaqalar o‘tkazib kelingan va ularda o‘quvchilarning qatnashishi ixtiyoriy bo‘lib, bolalar ota-onalarining roziligi bilan jalb qilingan.

Joriy yil tashkil etilayotgan “Dolzarb 90 kun” tadbirlariga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi 1 ming 239 ta umumta’lim maktabida kunduzgi oromgohlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan hamda unga 170 ming nafarga yaqin o‘quvchi ixtiyoriy jalb qilinishi rejalashtirilgan. Loyihani amaliyotga tatbiq etish uchun mehnat ta’tilidan bo‘sh vaqtlarda ixtiyoriy jalb qilingan pedagoglar bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.
“Dolzarb 90 kun” tadbirlari sababli o‘qituvchilar mehnat ta’tilidan foydalanish imkoniyatidan mahrum etilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 26 iyundagi “Pedagog xodimlar uchun yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili davomiyligi me’yorlarini belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan umumta’lim maktablari pedagog xodimlari uchun 56 kalendar kunlik mehnat ta’tili muddati belgilangan. Respublikadagi mavjud barcha umumta’lim maktablari pedagoglarining yozgi ta’til davrida mehnat ta’tiliga chiqishi uchun tegishli reja-grafik tasdiqlangan va mazkur rejaga asosan pedagoglarning belgilangan kunlarda mehnat ta’tiliga to‘liq chiqishi ta’minlanadi.
Qayd etish lozimki “Dolzarb 90 kun” bu —O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari uchun amalga oshirilayotgan tarbiyaviy-ma’naviy loyiha bo‘lib, yozgi ta’til davrida bolalarning intellektual, axloqiy va jismoniy rivojini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA