Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi Qo‘qonboy mahallasida hunarmandchilikka ixtisoslashtirilgan maktab-internat foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida viloyat va tuman faollari, hunarmandlar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan ijodiy ishlar namunalari, tasviriy san’at ko‘rgazmalari ko‘zdan kechirildi. Iqtidorli yoshlarning chiqishlari tomosha qilinib, yosh sportchilar bilan suhbatlashildi. Nuroniylar ishtirokida yurtga tinchlik, yoshlarga kamol tilab duolar qilindi.
Yog‘och o‘ymakorligi, mebelsozlik, zardo‘zlik va naqqoshlik kabi milliy hunarmandchilik turlariga ixtisoslashgan 240 o‘rinli zamonaviy maktab-internatning foydalanishga topshirilishi, ayniqsa, furqatliklar uchun katta tantanaga aylanib ketdi.
O‘quvchilar uchun maktab hududida sport zali, 64 o‘rinli oshxona, 126 o‘rinli faollar zali, 60 o‘rinli yotoqxona qurilgan bo‘lib, buning uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan jami 9,2 mlrd.so‘m mablag‘ sarflanib, qurilish va jihozlash ishlari bajarildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov barcha sohalar kabi milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning amaliy natijasi xususida so‘z yuritdi.
Prezidentimiz 2022 yilda Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida bo‘lib, uning faoliyati bilan tanishgan edi. Bu yerda naqqoshlik, yog‘ochsozlik san’atini yanada rivojlantirish, kelajak avlodga qoldirish, bu sohada faoliyat olib boruvchi yoshlarning sonini ko‘paytirish, eng muhimi, bu ishlarga ilm bilan yondashish maqsadida maktab tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar bergandi. Mazkur maktab mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida tashkil etildi.
[gallery-23915]
–Har bir ishda ilm kerak. Ilm bo‘lmasa, u soha rivojlanmaydi, taraqqiy etmaydi, vaqtinchalik bo‘ladi, sekin yo‘qolib ketishiga to‘g‘ri keladi. Ilm bo‘lsa, unga sayqal bo‘ladi. Sayqal berilgandan keyin yana rivoj topaveradi. Ertaga birinchidan, bu an’analar saqlab qolinadi, ikkinchidan, daromad manbai bo‘ladi. Yoshlarga kasb-hunar, ish o‘rni bo‘ladi. Mana shunday ezgu niyatlarni ko‘zlab bu maktab bunyod qilindi, – dedi viloyat hokimi.
Yurtimizda davom etayotgan “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasidagi tadbirlarni tashkillashtirishda, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishda, shu bilan birga ularga kasb-hunar o‘rgatish va iqtidorlarini rivojlantirishda ham ushbu maktabning ochilishi muhim o‘ringa ega ekanligi qayd etildi.
O‘zbekiston xalq ustasi Muhammadali Yunusovning yutuqlari, mehnatlari e’tirof etilib, maktab-internat faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishda doimo ko‘makchi bo‘lishi, uning yordamiga tayanilishi aytib o‘tildi.
Bu ta’lim maskanidan ko‘plab usta-hunarmandlar yetishib chiqishiga, ular tomonidan tayyorlangan mahsulotlar xorij bozorlariga ham eksport qilinib, dunyo jamoatchiligi e’tiborini tortishiga ishonch bildirildi.
Ramziy tasma qirqilib, tadbir ishtirokchilari maktabda yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar bilan tanishdi.
M.Sulaymonov, M. Qodirov(surat),
O‘zA