Vatanimiz tarixidagi 15 iyun sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1403 yil (bundan 622 yil oldin) – Fransiya qiroli Karl VI Amir Temurga javob maktubini yo‘lladi. Maktubdan ma’lum bo‘lishicha, Amir Temurning takliflari Fransiya tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilingan. Amir Temur bundan oldinroq 1402 yilning yozida Fransiya va Angliyaga maxsus elchilar orqali Karl VI va Genrix IV nomlariga maktublar yo‘llagan edi. Elchilar Parijga 1403 yil may oyida yetib bordilar. Elchilar ikki mamlakatning savdogarlari uchun erkin savdo munosabatlari olib borilishini ta’minlash va agar qirol hamda gersoglar rozi bo‘lsalar, bu erkin savdoni tegishli bitim yoki shartnoma bilan mustahkamlashni taklif etgan edilar.
1905 yil (bundan 120 yil oldin) – fizik olim, davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi Ubay Oripov tavallud topdi (vafoti 1976 yil). U 1962–1966 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti bo‘lgan. Ubay Oripov tomonidan fanda hali noma’lum bo‘lgan hodisalar: qattiq jismga atom zarralari ta’sir etganda ro‘y beruvchi ko‘plab murakkab jarayonlar, ikkilamchi ionlar va elektronlarning har xil guruxlarini topish va ajratish, qattiq jismlar sirtining xossalarini o‘zgartirish usullari aniqlangan va shu asosda elektron texnika, mikroelektronika va mashinasozlik materiallariga ishlov berish usullari yaratilgan.
1912 yil (bundan 113 yil oldin) – muhandis va tadbirkor Kovalev 6 ming desyatina yerni yo‘l qurish uchun ijaraga olib, Buxoro amiri bilan shartnoma imzoladi. Shu tariqa Kogon–Qarshi, Karki–Termiz temir yo‘lini qurish ishlari boshlandi. Tarixchi Fayzulla Ochildiyevning qayd etishicha, 1916 yilga kelib Kogon–Termiz temir yo‘li qurib bitkaziladi.
1915 yil (bundan 110 yil oldin) – Turkiston jadidlarining rahnomasi – Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan asoslangan va uning muharrirligida faoliyat ko‘rsatgan “Oyina” jurnali tugatildi. Shu kuni jurnalning 16(68)-soni chiqqach, jurnal o‘z faoliyatini to‘xtatdi. “Oyina” 1914 yilda 52-sonidan keyin o‘z faoliyatini to‘xtatishga qaror qilshan edi. Biroq idoraga kelgan iltimoslar sabab uning faoliyati 68-sonigacha davom etdi. Idora jurnal faoliyati to‘xtashining so‘nggi sababi qilib muharrirning betobligi va tahrir etuvchi kishining yo‘qligi ko‘rsatdi. Bildirishnomada “Oyina”ning 17(69)-soni chiqariladi, deyilgan bo‘lsa-da, jurnal qaytib dunyo yuzini ko‘rmadi. “Oyina” jurnali qisqa umr ko‘rgan bo‘lsa-da, unda chop qilingan adabiy-tanqidiy hamda ilmiy-ma’rifiy maqola va she’rlar XX asr adabiyotining noma’lum sahifalari haqida ma’lumot beradi.
1916 yil (bundan 109 yil oldin) – Buxoro–Termiz temiryo‘li qurilishi tugallandi. Qurilish ishlari 1914 yilning 16 iyunida boshlangan. Temiryo‘lning umumiy uzunligi 572 verstga teng edi. Temiryo‘l qurilishida 7 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi.
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – musiqa ixlosmandlarining tashabbusi bilan Turkiston Xalq konservatoriyasi ochildi. Konservatoriyada V.L.Karelin, V.F.Sakovich, N.N.Mironov, Ye.A.Chernyavskiy, V.M.Kox, G.I.Arskiy, V.A.Uspenskiy kabi musiqashunos-pedagoglar dars bera boshladi. Konservatoriyaning birinchi direktori V.L.Karelin bo‘ldi. Konservatoriya bazasida keyinroq musiqa texnikumi tashkil etildi.
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – Turkiston o‘lkasn xalq maorifi xodimlarining yig‘ini o‘tkazilib, unda milliy maorif vakillaridan juda ozchilik taklif etildi. Kommunistlar raxbarligida maktabni qayta qurish masalalari muhokama qilindi. Asosan rus millati vakillari ishtirok etgan, o‘lkadagimaorif va maktab sohasida yig‘ilgan bir qator muammolarni “hal etish” maksadida yng‘ilgan bu anjuman keskin munozaralar ostida o‘tsa-da, biron-bir natijasiz tugadi.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) – Buxoro Respublikasi hukumati Turkiyaning Ulug‘ millat majlisiga va Eron Tashqi ishlar vazirligiga nota yuborib, o‘zaro vakil ayirboshlash haqida bitim taklif qildi. Natijada Buxoroda shu yilning 3 noyabrida Turkiya diplomatik missiyasi, 9 dekabrda esa Eron konsulligi ish boshladi.
1943 yil (bundan 82 yil oldin) – SSSR hukumatining 659-sonli qarori bilan 11–16 yoshdagi o‘smirlar uchun Ichki Ishlar xalq komissarligi qoshida bolalar axloq tuzatish koloniyalari tashkil etildi.
2010 yil (bundan 15 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi arxiv ishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi qo‘riqlash faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA