Antarktidadan 30 million yillik yo‘qolgan dunyo topildi. "Daily Mail" yozishicha, olimlar “vaqt kapsulasi” deb atagan bu joy sun’iy yo‘ldosh radari yordamida aniqlangan eng so‘ngi kashfiyot sifatida baholanmoqda. Zero, mutaxassislar aholisiz qit’aning sharqiy qismidagi muz qatlami ostidagi 34 million yil davomida tegilmagan manzarani ko‘rishga muvaffaq bo‘lishdi.
Hududda 30 ming kvadrat kilometrdan ortiq maydonni egallagan yashirin tog‘ tizmalari, chuqur vodiylar bor. Bundan tashqari geologlar, tuzilishiga asoslanib, ushbu manzil keng daryolar, zich o‘rmonlardan ham iboratligini aniqladilar. Ayni xulosalar uzoq o‘tmishda Antarktida subtropik va hatto tropik iqlimga ega bo‘lganligi to‘g‘risida mavjud ko‘p yillik taxminni yana bir bor tasdiqlaydi.
Ta’kidlash joiz, bu qadim "yangi dunyo" Yerning geologik tarixiga doir mavjud shakllarga juda mos keladi. Amaldagi g‘oyaga ko‘ra, nisbatan yaqin davrgacha Antarktida va Janubiy Amerika avval bir butun bo‘lgan va ekvatorga ancha yaqin joylashgan. Hatto, taxminan 550 million yil oldin Sharqiy Antarktida ekvator ustida edi, degan versiya ham mavjud.

Har holda, hozirgi xulosa muzli qit’a atigi 30-40 million yil oldin ajralib chiqib, quruqlikning alohida bo‘lagiga aylanganiga urg‘u beradi. Shu qism janubga qarab harakatlanarkan, o‘rtada okean oqimi hosil bo‘lib, Antarktidani iqlimiy jihatdan Janubiy Amerikadan ajratib qo‘ygan. Ya’ni issiqlik almashinuvini to‘xtatgan.
Shu bilan birga sayyoramizda o‘simliklar hayoti rivojlanishi bilan atmosferadagi kislorod miqdori ortib, havo sovugan. Antarktida muz qatlami shunday shakllana boshlagan va o‘sgan. Geologlar tushuntirganidek, shu muzlar qit’ani asl ko‘rinishida "saqlab qolgan" va bu holat Yerning uzoq o‘tmishiga "yetaklash" uchun ajoyib imkoniyat yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, bir necha yil oldin qadim Antarktika muzidan qazib olingan namunalarda issiq mamlakatlarga xos o‘simliklar izi, jumladan palma guli changi muzlagan holda topilgan edi.
G.Sattorova, O‘zA