Eronning Isroilga javob zarbasi chog‘i 20 nafarga yaqin odam jarohat olgan. Isroil yong‘in xizmati xabar berishicha, maxsus guruhlar asosan Tel-Avivda bir necha yong‘in o‘chog‘ini so‘ndirish bilan band. Ayrim fuqarolik manzillari zarar ko‘rgan, ko‘p qavatli uylar vayronalari ostida odamlar qolib ketgan. Qator davlat tashkilotlari, muhim binolar nishonga olingani ma’lum.
Eron tomoni yahudiy davlatini 100 tagacha raketa bilan o‘qqa tutgan. Isroil mudofaa kuchlari vakili ta’kidlashicha, raketalarning aksariyati tutib qolingan. Shu bilan birga aholi o‘z hududidagi talofat tasvirlarini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirmoqda.
Bosh vazir Binyamin Netanyaxu Eron xalqiga murojaat qilib, isyon ko‘tarishga chaqirgan. Uning fikricha, mamlakat rahbariyati bir necha vakili yo‘q qilingan bir payt hukumatga qarshi chiqish ayni muddao. Eron axborot agentligi Isroilga zarba berish jarayonida birinchi marta suv osti kemalari ballistik raketalarini qo‘llanganiga e’tibor qaratgan. OAV xabarlarida Tehron Isroilning raketa ishlab chiqarish markazlariga, shuningdek harbiy sanoat ob’ektlariga zarba bergani aytilyapti. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ma’lumotiga ko‘ra, o‘nlab ballistik raketa dushmanning strategik maqsadli manzillariga sezilarli talofat yetkazgan.
Netanyaxu esa, o‘z navbatida, bir kun ichida Eron ballistik raketalari zaxirasining salmoqli qismi, shuningdek uran boyitiladigan eng yirik majmua vayron qilinganini takrorlamoqda. Xalqaro atom energiyasi rahbari Rafael Grossi Eronning 60 foizgacha boyitilgan uran ishlab chiqaradigan yer usti zavodi yo‘q qilingani to‘g‘risida bayonot berdi.
S.Poyonov,O‘zA