Kommunal xizmatlar uchun o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirish sohadagi xizmatlar samaradorligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
“Maxsustrans” davlat korxonasining ma’lum qilishicha, 2025 yil 8 iyundan boshlab chiqindi uchun to‘lovlar elektr energiyasi to‘lovlari bilan integratsiya qilingan tartibda amalga oshirilmoqda. Ya’ni, chiqindidan qarzi borlar endi elektr energiyasi uchun to‘lovni amalga oshirolmaydi.
Ushbu o‘zgarish doirasida chiqindilarni olib ketish xizmatlari bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lgan iste’molchilarga ogohlantiruv xabarlari qisqa SMS-xabarlari ko‘rinishida yuborilmoqda.
“Maxsustrans” DKning qayd etishicha, aholidan undiriladigan chiqindi to‘lovlari o‘rtacha daromad darajasidan kelib chiqqan holda belgilangan bo‘lib, ushbu mablag‘lar chiqindilarni maxsus poligongacha tashish va ularni zararsizlantirish (rekultivatsiya) xarajatlarining hammasini ham to‘liq qoplay olmaydi.
Shunday ekan, mazkur xizmatlardan foydalanishda uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik va ortiqcha noqulayliklarning oldini olish maqsadida to‘lovlarni belgilangan muddatlarda amalga oshirish lozim bo‘ladi. Bunda, albatta, aholining ekologik madaniyati va mas’uliyati muhim o‘rin tutadi.
M.Komilova, O‘zA