Uy-joy inson uchun nafaqat boshpana, balki ma’naviy qo‘rg‘ondir. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda so‘ngi 6 yilda O‘zbekiston bo‘yicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillardagiga nisbatan 10 barobar ko‘p uy-joy barpo etildi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida yurtimizda jami 40 million kvadrat metrdan ziyod bino-inshootlar qurilgan. Jumladan, 100 mingdan ziyod xonadonga ega 2 ming 44 ta ko‘p qavatli uylar bunyod etilgan. Sohani rag‘batlantirish uchun 2024 yilda 59 ming odamga 17 trillion so‘m ipoteka krediti ajratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 23 yanvar kuni ipoteka dasturi doirasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2024 yilda yurtimizda jami 40 million kvadrat metrdan ziyod bino-inshootlar qurilgani, 100 mingdan ziyod xonadonga ega 2 ming 44 ta ko‘p qavatli uylar bunyod etilgani qayd etildi.
Sohani rag‘batlantirish uchun o‘tgan yilda 59 ming odamga 17 trillion so‘m ipoteka krediti ajratilgan. Quruvchi va developerlarga aylanma mablag‘ uchun jami 3 trillion so‘m berilgan.

Prezidentimizning joriy yil 21 fevraldagi “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, bu yilgi ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar to‘lashning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlangan.
Shuningdek, farmonga asosan, “Yangi O‘zbekiston” va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo qilishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash uchun Davlat byudjetidan 700 milliard so‘m hamda tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan 3 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirilgan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbarining 2021 yil 9 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, bu massivlarning qurilishi millionlab odamlarning tasavvuriga ham sig‘maydigan yangilik edi.
2022 yildan boshlab mamlakatimizda markazlashgan uy-joy qurilishiga e’tibor yanada kuchaytirildi. Mamlakatimizda 2022 yilda 29 ta, 2025 yilda 56 ta, jami 890 ta uy, 31 ming 692 ta xonadon qurib o‘z egalariga topshirildi. Massivlarda odamlarga har tomonlama qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar shaxsan davlatimiz rahbarining nazoratida.

E’tiborlisi, 10 ming oila uchun “Yangi O‘zbekiston” massivlari, maktab, bog‘cha va tibbiyot maskanlari quriladi. Ushbu yangi massivlarda 21 turdagi zarur xizmat ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish hududlarda bandlikni ta’minlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Prezidentimiz joriy yilning 23 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlaganidek, “Yangi O‘zbekiston” massivlari bilan hududlar obod bo‘ladi, madaniyat, ma’rifat, dunyoqarash o‘zgaradi, savdo va xizmatlar ko‘payadi. Shu bois bu borada yangi tartib belgilandi. Endi “Yangi O‘zbekiston” massiviga ajratilgan yer bo‘yicha loyihalash 2 oydan oshmasligi, 3 oy ichida qurilish boshlanishi kerak. Bu talab buzilsa, yer qayta auksionga chiqariladi. Loyiha ko‘pi bilan o‘n besh kunda ekspertizadan o‘tkaziladi. Bu yil ushbu massivlar infratuzilmasi uchun 1,2 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Qurilishda “eskrou” tizimi joriy qilinishi bilan developerlarga hozirgidan pastroq stavkada 1 milliard dollar aylanma mablag‘ jalb etish imkoniyati paydo bo‘ladi. Muhimi, ularni moliyalashtirish uy qurish bilan birga boshlanadi va davom etadi. Fuqarolar esa qurilish boshidan ipoteka va subsidiya olish, uy bitmasdan ham boshqa odamga sotish imkoniga ega bo‘ladi.
Massivlarni transport, kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash borasida 2022-2024 yillarda Davlat byudjetidan 1 trln. 716 mlrd. so‘m, ijtimoiy soha ob’ektlari uchun 665 mlrd. so‘m ajratildi.
– Prezident farmoniga asosan, O‘zbekiston miqyosida 135 mingta ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishi belgilangan, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Elyor Komilov. – Joriy yilning o‘zida mamlakat bo‘ylab 56 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etiladi. Umuman, 2030 yilgacha 100 ta “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun yerlar kamida 70 ming odam yashaydigan tuman markazi yoki shahar hududiga 1-2 kilometr masofadagi joydan ajratiladi. Bu massivlarning har birida 100 ming kvadrat metrli 2 mingta xonadon, har bir hududda qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida maktab, bog‘cha va tibbiyot maskanlari quriladi. Joriy yilda qurilishi rejalashtirilgan 135 ta uy-joylarning 10 mingga yaqini qurib foydalanishga topshirildi.

Toshkent viloyatining Chirchiq shahrining ham kundan kunga rivojlanib taraqqiyot sari yuz tutayotganini alohida ta’kidlash kerak. Shunga muvofiq hudud aholisining soni ham ortib bormoqda. Ittifoq mahallasida qad rostlagan “Yangi O‘zbekiston” massivlari chindanda ko‘zni quvontiruvchi obod go‘shaga aylanib ulgurdi. Hujjatga muvofiq Chirchiq shahridagi Iftixor mahallasidagi 49 gektar yer maydoniga 82 ta 7, 9, 12 va 16 qavatdan iborat jami 6 ming 490 ta xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi belgilangan.
– Davlatimiz rahbarining Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda “Odamlarimiz islohotlar samarasini kelajakda emas, balki bugun o‘z hayotida his etishlari zarur”, degan gaplarini biz bugun real hayotda kuzatyapmiz, – deydi Chirchiq shahar Ittifoq mahallasi faoli Asliddin Muhiddinov. – Massivlar qurilib, yuzlab mahalladoshlarimiz o‘z uyiga ega bo‘ldi.
Fayzli va tarovatli, yangi va zamonaviy massivlar bir haqiqatdan dalolat beradi: buyuk va muqaddas Vatanimizda inson qadri barcha narsadan ustun. Aslida ham har bir insonning orzulari ushalishi, hayotdan rozi bo‘lib yashashi yo‘lida xizmat qilishdan ulug‘roq maqsad bormi!?

– Bu yerlar tashlandiq, yantoqzor edi, – deydi Husniddin Abdullayev. – Davlatimiz rahbari 2021 yilda Chirchiq shahriga tashrif buyurganda bu yerda “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo etilishini aytganlarida quvonib ketdik. Sababi, barcha infratuzilmalari bor, zamonaviy barpo etilgan uy-joylarda yashash barchaning orzusi edi. E’tiborlisi, barpo etilgan massivda qisqa vaqt ichida 360 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, 990 o‘rinli umumta’lim maktabi va oilaviy poliklinika foydalanishga topshirildi.
– O‘tgan yilning sentyabr oyida “Yangi O‘zbekiston” massivida yashovchi fuqarolar uchun quvonchli xushxabar bo‘ldi, – deydi 19-son umumta’lim maktabi direktori Bekzod Bektemirov. – Davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zlarining tashabbuslari bilan “Yangi O‘zbekiston” massivida yashovchi fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida 990 o‘ringa mo‘ljallangan umumta’lim maktabi qurib foydalanishga topshirildi. Maktabda o‘quvchilar ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar mavjud.
Prezidentimizning 2025 yil 21 fevraldagi “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 2025 yilda Chirchiq shahri bo‘yicha 23 ta, jami 1 356 xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar yangidan qurilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda 5 ta yangi ko‘p qavatli uylar barpo etilmoqda.
– Xalqimiz uyi borning o‘yi yo‘q, deb bekorga aytmagan, – deydi Iftixor mahallasi raisi Zulfiya Saidqulova. – Qachonki, insonning uyi bo‘lsa, ishida unum, oilasida baraka bo‘ladi. Mahallamizda “Yangi O‘zbekiston” massivining qurilishini barcha mahalladoshlar katta xursandchilik bilan kutib oldi.

Mamlakatimizning har bir hududida “Yangi O‘zbekiston” massivlari jadal sur’atlarda barpo etilmoqda. Olmaliq mamlakatimizning sanoati rivojlangan yirik shaharlaridan biri. Hududda yangi konlarning o‘zlashtirilishi, aholi sonining o‘sib borishi shaharning ijtimoiy- iqtisodiy rivojlanishini taqozo etmoqda. 2030 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejaga ko‘ra, Olmaliqning ma’muriy hududi 2 ming 600 gektardan 3,5 gektarga yetkaziladi. Sanoat hududi shahar markazidan olib chiqilib, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, aholiga qulay uy-joylar barpo etish ko‘zda tutilgan.
Shaharga kirib borar ekansiz, ko‘zingiz birinchi bo‘lib, “Yangi O‘zbekiston” massivlariga tushadi. Zamonaviy barpo etilgan osmono‘par binolar, ko‘p qavatli turar-joylar e’tiborimizni tortdi. Shaharchaning Abdulla Qahhor mahallasida 57 gektar maydonga 100 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan. Bu, 10 mingdan ortiq inson uyli bo‘ldi deganidir. Yaqinda massivning birinchi bosqichi o‘z egalariga topshiriladi.
Davlatimiz rahbarining yuqorida nomi keltirilgan farmoniga ko‘ra, Olmaliq shahrida jami 8 ming 595 xonadonli 114 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda 1 ming 812 ta xonadonga mo‘ljallangan 14 ta uy-joylar qurib bitkazilgan. Yaqin kunlarda bu uylar o‘z egalariga topshiriladi. Massivlarda 3 ta maktab, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 3 ta oilaviy poliklinika, sport majmualari qurilishi rejalashtirilgan.

– Olmaliq shahri ichida bunday baland uylar qurilishini yaqin yillarda ham xayolimizga keltirolmas edik, – deydi Abdulla Qahhor mahallasi raisi Farog‘at Ismoilova. – Ilgari bu yerlar tashlandiq bo‘lib turganiga ko‘zim tushgandi. Endi esa katta qurilish maydoniga aylanganiga guvoh bo‘lyapmiz.
Yangi uylarga ko‘chib o‘tgan yurtdoshlarimiz o‘z hayotidan mamnun, taqdiridan rozi. Ayniqsa, nogironligi bor hamda uy-joyga muhtoj ayollarga, o‘z sohasida alohida o‘rnak ko‘rsatayotgan yosh oilalarga ham shu uylardan joy ajratilgani, imtiyoz yaratilgani bugungi islohotlar samarasidir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Uyli bo‘lgan yurtdoshlarimiz “bu imtiyozlar hayotimizda tub burilish yasadi”, deya e’tirof etmoqda.
– Turmush o‘rtog‘im baxtsiz hodisa tufayli vafot etgach, 2 nafar farzandimga ham ota, ham ona bo‘ldim, – deydi Nasiba Salohiddinova. – Bu uyga ko‘chib o‘tguncha qanday yashadim, eslagim ham kelmaydi. Uy olishga juda ko‘p harakat qildim. Biroq kredit summasi qimmat edi. Shu o‘rinda hukumatimiz yordamga keldi. Bu uyning boshlang‘ich mablag‘i esa davlatimiz tomonidan to‘lab berildi. Ipoteka krediti 20 yilga taqsimlandi. Muhimi, endi uyimiz bor, ko‘nglim xotirjam.
Bugun mamlakatimizda har bir inson taqdiri e’tiborda. Aholining keng qatlami uchun zamonaviy uy-joyga ega bo‘lish imkoniyati va uning qonunchilik bazasi mavjud bo‘lib, bu holat xalqimizning turmush darajasini oshirish va farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA