Italiyaning Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘ldi.
Viloyat hokimi Adiz Boboyev mehmonlarni Samarqandga tashrifi bilan qutlab, yaqinda Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni xonimning yurtimizga tashrifi va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan samarali muzokaralari ikki davlat hududlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Samarqand viloyat rahbari Italiyaning rivojlangan mintaqalaridan biri bo‘lgan Lombardiya nafaqat ushbu mamlakat, balki Yevropa iqtisodiyotida ham muhim o‘ringa egaligini ta’kidlab, ushbu viloyat bilan turli sohalarda hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari haqida so‘z yuritdi. Samarqandning iqtisodiy imkoniyatlari, investitsion qulayliklariga alohida to‘xtaldi.
Xususan, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, mebelsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, turizm kabi yo‘nalishlarda ikki tomon uchun ham manfaatli hamkorlikning amaliy jihatlariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mehnat migratsiyasi masalasida yaqinda davlat rahbarlari kelishuviga ko‘ra, 2026 yildan boshlab mashinasozlik, turizm, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda malakali mutaxassislar uchun 1500 kvota ajratilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Adiz Boboyev restoran biznesi, tibbiyot va boshqa talab yuqori yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash, chet tillarini o‘rganish uchun ixtisoslashtirilgan o‘quv markazlari tashkil etish taklifini bildirdi.
Gubernator Attilio Fontana uchrashuvda bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlashini bildirib, Samarqand viloyati bilan keng ko‘lamli iqtisodiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng viloyatlar rahbarlari Samarqand viloyati va Lombardiya ishbilarmon doiralarining yuzdan ortiq vakillarini jamlagan savdo-iqtisodiy, madaniy va turistik forumda ishtirok etdi. Adiz Boboyev Lombardiya bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ushbu viloyat tadbirkorlarini Samarqandda ishlashga taklif qildi. Viloyat iqtisodiyotining turli tarmoqlarida qo‘shma loyihalar portfelini ko‘paytirish, Italiyaning ilg‘or texnologiyalari va sarmoyalarini jalb etish muhimligini ta’kidladi.
Tadbir yakunida Samarqand va Lombardiya viloyatlari o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolanib, tomonlarning uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga kelishib olindi.
Forum doirasida ikki viloyat tadbirkorlari o‘rtasida B2B va G2B formatida muzokaralar o‘tkazilib, qurilish, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, mebel, neft-gaz va yengil sanoat yo‘nalishlarida umumiy qiymati 112 million AQSH dollariga teng 11 loyiha bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Lombardiya viloyati hukumati o‘rtasida ta’lim sohasida hamkorlik bo‘yicha shartnoma imzolandi.
[gallery-23893]
Italiya delegatsiyasi Samarqand xalqaro turizm markazidagi Kongress markazi va “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasida bo‘lib, o‘zbek xalqining boy madaniy merosini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar, hunarmandchilik va amaliy san’at namunalarini, shuningdek, shaharning boshqa diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari