Sport akademiyasi yoshlarning jismoniy, ma’naviy va ijtimoiy jihatdan rivojlanishida muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, jismoniy sog‘lomlikni ta’minlaydi, tartib-intizom va mas’uliyat hissini shakllantiradi. Sport bilan band bo‘lgan yoshlar bo‘sh vaqtlarini ma’noli o‘tkazadi, zararli odatlardan uzoq bo‘ladi.
Olimpiya o‘yinlari va boshqa yirik musobaqalarda qatnashish uchun imkoniyatlar eshigi ochiladi.
Sport akademiyasi yoshlarga nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki hayot uchun kerakli ko‘nikmalar — intizom, sabr, mas’uliyat va maqsad sari intilishni ham o‘rgatadi. Bu esa ularning sog‘lom jamiyat a’zosi sifatida voyaga yetishiga xizmat qiladi.
Yuqori malakali sport kadrlarini tayyorlash, yangi avlod sportchi va trenerlarini yetishtirish orqali mamlakatimiz sportdagi yutuqlarini yangi bosqichga olib chiqish, jismoniy tarbiya va sport sohasida o‘quv va ilmiy-tadqiqot jarayonini xalqaro standartlar asosida tashkil qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yildagi tegishli qaroriga asosan O‘zbekiston davlat sport akademiyasi tashkil etildi.
Joriy yildan o‘z faoliyatini boshlagan Sport akademiyasi 2025-2026 o‘quv yili uchun hujjat qabul qilishni boshlaydi. Akademiya davlat oliy ta’lim muassasasi maqomiga ega bo‘lib, o‘z faoliyatida Sport vazirligiga bo‘ysunadi. Talabalarni qabul qilish parametrlari respublikadagi boshqa oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan davlat buyurtmasi doirasida amalga oshiriladi.
Talabalar kontingenti, asosan, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlov markazlarida shakllanayotgan sport turlari bo‘yicha, so‘nggi bir yil ichida jahon, Osiyo va O‘zbekiston chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan Olimpiya va paralimpiya kollej bitiruvchilari, shuningdek, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining bitiruvchi yoshlari orasidan seleksiya asosida tanlab olinadi.
Akademiyani tamomlaganlarga O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi. Talabalar respublikadagi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga muvofiq o‘tkaziladigan respublika musobaqalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
Sport yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar yashash joyi va oziqlanish bilan maxsus normativlar asosida, ya’ni olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari standartlariga muvofiq ta’minlanadi.
Bitiruvchilarga trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun 6 yilga amal qiluvchi malaka sertifikati istisno tariqasida bevosita taqdim etiladi.
Akademiyani tamomlagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga, uch yillik ish stajiga ega bo‘lgandan keyin — mutaxassisligi bo‘yicha rahbarlik lavozimlariga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi.
Akademiyada xorijiy tillar va O‘zbekiston tarixi chuqurlashtirilgan tartibda o‘rgatiladi. Shu maqsadda Axborot-kutubxona markazi hamda Tarix va xorijiy tillarni o‘qitish markazi tashkil etilgan.
Olimpiya va paralimpiya kollejlari bitiruvchilari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi bosqichga qabul qilinadi.
N.Rahmonova, O‘zA