“RIA Novosti” Eron davlat televideniyesiga tayanib yozishicha, Natanzadagi yadro ob’ektlariga Isroil tomonidan bir necha marta havodan zarba yo‘llangan.
Islom Respublikasi parlamenti Milliy xavfsizlik komissiyasi rahbariyati ham Isroil harbiy va yadro ob’ektlariga hujum uyushtirganini tasdiqladi.
Shuningdek, yahudiy davlati yashirin josuslik amaliyoti tadbirlarini ham o‘tkazgan. Bu haqda “Axios” nashri isroillik yuqori martabali amaldorga tayanib xabar tarqatdi:
– Mossad Eron ichkarisida yashirin qo‘poruvchilik amaliyotini amalga oshirdi. Bundan ko‘zlangan maqsad strategik raketa ob’ektlari va havo hujumidan mudofaa tizimiga zarar yetkazish.
“Reyter” yozishicha, Isroil rasmiysi Eron bir necha kun ichida 15 dona yadro bombasi yaratish uchun yetarli resurs – termoyadroviy materialga egaligini aytgan.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi bayonotida idora rahbari Gideon Saar ayni dam hamkor davlatlardagi hamkasblari bilan Vazirlar Mahkamasining Eron tahdidini bartaraf etish qarori va Isroil armiyasining keyingi harakatlari yuzasidan telefon orqali muzokaralar olib borayotgani ma’lum qilingan.
Eronga berilgan zarbadan so‘ng Isroil Bosh shtabi rahbari general-leytenant Eyal Zamir armiya o‘n minglab askarni chaqirib, barcha chegaralarda tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi:
– Biz o‘n minglab askar chaqirib, barcha chegaralarda tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
Birinchi hujum nishoni havo hujumidan mudofaa tizimi, “yer-yer” raketalari hamda Eronning yuqori martabali amaldorlari, jumladan Bosh shtab mas’ullari va yadroviy olimlar bo‘ldi. Ularga qarata bir vaqtning o‘zida butun mamlakat bo‘ylab yuqori aniqlikdagi keng ko‘lamli zarbalar berildi.
Eron davlat televideniyesi Isroil havo hujumi oqibatida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Husayn Salomiy, “Hotam Al-Anbiya” IRQ markaziy qarorgohi qo‘mondoni G‘ulom Ali Rashid, fizik olim Muhammad Mehdiy Tehron va Energetika tashkiloti sobiq rahbari Ferdi Abbosiy halok bo‘lgani ehtimoli haqida xabar tarqatdi.
Eron parlamenti Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi rasmiy vakili Ibrohim Rizoiy Eron Isroil hujumini javobsiz qoldirmasligini aytdi. Ynet portali Isroil ham Yaman, Livan va Suriyadan kuchli zarbalar berilishiga tayyorlanayotgani haqida xabar berdi.
Isroil Bosh shtabi rahbari aytishicha, javob zarbasidan kutilayotgan qurbonlar isroilliklar o‘rganib qolganidan farq qiladi.
– Isroil fuqarolari, men mutlaq muvaffaqiyatga erishishni va’da qila olmayman – Eron rejimi bunga javoban bizga hujum qilishga urinib ko‘radi va kutilayotgan qurbonlar avvalgilaridan farq qiladi. Isroil kuchlari mamlakatning orqa qismini himoya qilishga tayyor va sizlardan o‘zingiz, oilangiz va jamoalaringiz uchun javobgar bo‘lishingiz hamda ko‘rsatmalarga quloq solishingizni so‘rayman, – deyilgan davlat rahbarining ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida.
O‘tgan tun Isroilning Ben Gurion aeroporti barcha reyslarni bekor qilgan, yo‘lovchilardan aeroport binosini tark etish so‘ralgan, deb yozdi “RIA Novosti” agentligi.
Isroilning Tehronga hujumi javobsiz qolmaydi, dedi Eron parlamentining Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi rasmiy vakili Ibrohim Rizoiy.
“ILNA” agentligi uning so‘zlaridan quyidagi iqtibosni keltirgan:
“Hech qanday yovuzlik javobsiz qolmaydi”.
S.Rahimov, O‘zA