Sayohat manzillari
Shaharning issiq, tirband va shovqinli hayotidan charchagan inson uchun tabiat sari olib boruvchi har qanday manzara bu nafaqat taskin, balki ruhiy ozuqa hamdir. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yashil adirlar, qizg‘aldoqzorlar va ular orasida yurgan qo‘y-qo‘zilar fotolavhalari ana shunday taskin manbai bo‘ldi. Shu go‘zal manzaralar asiriga aylanib, Qashqadaryoning Dehqonobod tumanidagi Avjin qishlog‘iga yo‘l oldik.
Avval ushbu qishloq haqida eshitmaganimiz bois, yo‘l topish oson kechmadi. Yo‘l tobora tog‘ do‘ngliklariga burilar, adirlar orqali Chambil mahallasiga yetib keldik. Biz bilan yo‘lga chiqqan hokim yordamchisining tabassumli yuzida “hali ko‘rasiz” degan ishonch bor edi.
Maxsus avtomashinada yo‘lda davom etar ekanmiz, hamrohlarimiz qishloq tabiati va aholisini g‘urur bilan ta’riflardi. Ko‘zlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda aks etgan go‘zallikni izlar, ammo atrofdagi har bir manzara shu gaplarni tasdiqlayotgandek edi. Bir payt cho‘ponlar oldida to‘xtadik. Suruv-suruv qo‘y-qo‘zilarning sokinlikda sayr qilishi, tog‘lar bag‘ridagi osoyishta hayot odamni o‘ziga rom etardi.
– Bu yil yomg‘ir kamroq bo‘ldi. Ammo o‘tgan yili butun yaylovlar yash-yashil bo‘lib, qizg‘aldoqlarga burkangandi, – deydi cho‘pon Abdulaziz Abduraimov.
Garchi biz ko‘rmoqchi bo‘lgan qizg‘aldoqzorlar bu safar ko‘zga tashlanmasada, tabiiy go‘zallik, osuda hayot va insonlar bilan suhbat bizga yanada chuqurroq taassurot ulashdi.
Avjin qishlog‘i ko‘pgina tog‘ qishloqlari kabi sokin va oddiy ko‘rinadi. Biroq bu yerda tinchlik, ahillik va mehnatga bo‘lgan muhabbatni his qilish mumkin. E’tiborli jihat shundaki, bu qishloqda oilaviy ajrim, jinoyat yoki huquqbuzarlik kabi holatlar qayd etilmagan. Bunday statistika bugungi kunda har qanday jamiyat uchun ideal ko‘rsatkich sanaladi.
Avjinda momomeros hunarlar, xususan, gilamchilik mehr bilan ardoqlanadi. “Hech bir xotin-qiz yo‘qki, bu hunarni bilmasa”, deyishadi suhbatdoshlar. Bu gaplar gilamchilikning nafaqat san’at, balki turmush tarzi va tarbiya vositasi ekanini anglatadi.
Qishloqning nomi ham diqqatga sazovor. Qishloq fuqarosi Davlat Karimovning aytishicha, tarixda bu joy “Gavjumdara” deb atalgan. Afsonaga ko‘ra, G‘ayrat polvon musobaqada g‘olib bo‘lib, mukofot sifatida ana shu hududni so‘ragan va yillar davomida Gavjum Avjin shakliga aylangan.
Avjin tabiati, balki mehnatkash aholisi bilan ham taniqli. Bog‘bon Baxtiyor Tojiyevning olma bog‘i buning yaqqol misolidir. Kredit mablag‘lari evaziga 400 dan ortiq olma daraxti ekib, ulardan 9 tonnaga yaqin hosil kutmoqda. Bu faqat rivoj emas, balki mehnatning, ishonchning, e’tiqodning samarasidir.
[gallery-23873]
– Asosiy drayverimiz – chorvachilik. Ammo issiqxona, bog‘dorchilik va kovrakchilikni ham tatbiq etyapmiz, – deydi “Chambil” MFYdagi hokim yordamchisi Jo‘ra Yusupov.
Avjin go‘zal manzara, mehnatsevarlik, tinchlik va qadriyatlar markazidir. Bu yerda har bir inson hayoti mazmunli va qadrli. Cho‘ponlar, bog‘bonlar, hunarmand ayollar va nuroniylar bilan o‘tkazilgan bir kun bu qishloq haqidagi barcha yaxshi gaplarni tasdiqladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/GDVvoqKd81E?si=X7vCdAZmelEqG3tF" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat, video),
O‘zA muxbirlari