Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar yoshlar hayotining ajralmas qismiga aylanmoqda. Xususan, Instagram va TikTok singari platformalarda insonlar o‘zlarining go‘yoki mukammal, baxtli hayoti bilan bo‘lishmoqda. Bu esa ko‘plab yoshlarda o‘z hayotini boshqalarniki bilan solishtirish, real hayotidan norozilik va ruhiy tushkunlik holatlarini keltirib chiqarmoqda.
2024 yilda O‘zbekiston Yoshlar agentligi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, 16–25 yoshdagi talabalar orasida 38 foizi ijtimoiy tarmoqlardagi solishtirishlar va mukammallik illuziyasi sabab o‘zlarida depressiya belgilari borligini aytgan.
Xalqaro izlanishlar ham buni tasdiqlaydi. Xususan, AQSHdagi Pew Research Center 2023 yilgi so‘rovnomasida, 13–24 yoshli yoshlarning 59 foizi "ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rayotgan ideal hayotlar" ularning o‘zini baholash darajasini pasaytirayotganini bildirgan.
Buyuk Britaniyadagi Royal Society for Public Health tadqiqotlariga ko‘ra, aynan Instagram va Snapchat yoshlar orasida o‘zini past baholash, yolg‘izlik va depressiyaga olib keluvchi asosiy platformalar qatoriga kiradi.
Kembrij universitetining 2022 yilda e’lon qilgan hisobotida esa, ijtimoiy tarmoqlarda kuniga ikki soatdan ortiq vaqt o‘tkazadigan yoshlarda "hayotdan charchash" holati 21 foizga yuqoriligi qayd etilgan.
Psixologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Instagram va TikTok'da kuniga ikki soatdan ko‘proq vaqt sarflovchi yoshlar orasida ruhiy tushkunlik ehtimoli 20–30 foizga ortadi. Bu holat, ayniqsa o‘zini boshqalar bilan taqqoslash ehtiyoji kuchli bo‘lgan o‘smirlar va yoshlar orasida yaqqol kuzatiladi.
Bu borada mutaxassislar fikrlari:
Psixolog Gulruxsor Alimova:
— Har kuni boshqalar baxtli hayot kechirayotganini ko‘rish insonda tabiiy solishtirish ehtiyojini paydo qiladi. Internetdagi ko‘plab kontentlar filtr va marketing uslublari orqali yaratilgan bo‘lsa-da, miyaning buni real deb qabul qilishi – tushkunlikka sabab bo‘ladi.
Psixolog va bloger Dilnoz Mansurova:
— Mijozlarim orasida ijtimoiy tarmoqlarning salbiy ta’siri tufayli hayotdan zavq ololmay qolgan yoshlar ko‘p. Ba’zilar uchun "layklar", "storilar" va "odamlar nima deydi?" kabi tushunchalar hayot mezoniga aylanib ulgurgan. Bu esa ruhiy salomatlik uchun xavfli tendensiyadir.
Psixolog M.Abdullayev:
— Doimiy ravishda boshqalar baxtli hayot kechirayotgani haqidagi kontentni kuzatish, o‘zini solishtirish o‘ziga nisbatan tanqidiy munosabatni kuchaytiradi. Ruhiy salomatlik tanadagi og‘riqdek ko‘rinmas bo‘lishi mumkin, lekin uning ta’siri chuqur bo‘ladi.
Elanora Sayfullayeva,
O‘zMU talabasi