Munosabat
Global ishlab chiqarish zanjirlarida har bir davlat uchun teng sharoitni ta’minlashda Jahon savdo tashkilotining alohida o‘rni bor. O‘zbekiston ushbu tashkilot a’zosiga aylanishi borasida izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.
Buning uchun o‘nlab qonun, yuzlab standartlar xalqaro talablarga moslashtirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqida shu kabi muhim masalalarga e’tibor qaratildi.
Avvalo, ushbu nufuzli tadbirda Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, arab davlatlari hamda Yevropa, Osiyo va Afrika mintaqalaridan kelgan nufuzli delegatsiyalar ishtirok etgani e’tiborga molik.
Prezidentimiz o‘z nutqida insoniyat uchun eng dolzarb muammolar – oziq-ovqat xavfsizligi, kambag‘allik, iqlim o‘zgarishlari kabi masalalarga e’tibor kamayib borayotganini ta’kidladi. Dunyoda tinchlik, adolat va inson qadriga bo‘lgan umumiy ishonchni tiklash har qachongidan ham muhim ekanligini bildirdi.

Ma’lumki, Prezidentimiz xalqaro jamoatchilik e’tiborini doim Afg‘oniston masalasiga qaratar ekan, bu jafokash xalqning tinch va barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishga chaqiradilar. Mazkur nutqida ham ushbu davlatning amaldagi hukumati bilan xalqaro maydonda konstruktiv muloqot olib borish, uning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik har qachongidan ham muhim ekanligini ta’kidladi. Chindan ham bu mamlakatdagi osoyishtalik va iqtisodiy rivojlanish yon-atrofdagi davlatlarning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun zarur omildir.
Prezident investitsiyalar faqat iqtisodiy taraqqiyotning emas, balki tinchlik va barqarorlikning kafolati ekanligiga e’tibor qaratdi.
Hozirgi qiyin sharoitda iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Binobarin, O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti sakkiz yilda ikki barobar ko‘paydi. 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkichni 200 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgani Prezidentimiz nutqida ham alohida ta’kidlandi.
Iqtisodiyotni barqaror energiya resurslari bilan ta’minlashda shubhasiz, «yashil» energetikaning o‘z o‘rni bor. O‘tgan qisqa davrda bu sohaga qariyb 6 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib keldi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 59 milliarddan 82 milliard kilovatt-soatga yetdi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, keyingi besh yilda bu ko‘rsatkich 120 milliard kilovatt-soatdan oshib, «yashil» energiya ulushi 54 foizga yetadi. Ayniqsa, bu borada joriy yilda Samarqandda, kelgusi yildan yana 8 ta hududda elektr tarmoqlari xususiy sheriklikka beriladi.
Shu o‘rinda davlatimiz rahbarining «biz uchun investitsiya – faqatgina moliyaviy manba emas. Bu – texnologiya, bilim, malakali kadrlar, xalqaro ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shilish, ya’ni, haqiqiy taraqqiyot demakdir», degan so‘zlari forum ishtirokchilari tomonidan ham e’tirof etildi.
Muxtasar aytganda, dunyoda iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish uchun xalqlar o‘zaro hamjihatlikda intilmog‘i, harakat qilmog‘i lozim. Prezidentimiz nutqidan anglashilganidek, O‘zbekiston bu ezgu g‘oyani doim qo‘llab-quvvatlaydi.
Zebiniso RAHMANOVA,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA