2022 yil davomida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining 5-sonli o‘quv binosi atrofida “Xadji Stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilish ishlari bajarilgan bo‘lib, shartnoma majburiyatlariga asosan, ushbu ishlar uchun 155 million 407 ming 257 so‘mlik to‘lov belgilangan edi.
–Ammo oradan ikki yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, mazkur summadagi pul mablag‘i buyurtmachi tomonidan amaldagi shartnoma asosida to‘lab berilmagan, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi Huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va metodik ta’minlash shu’basi bosh maslahatchisi Sag‘inbay Kamolov. – Shundan so‘ng mazkur qurilish tashkiloti tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligiga murojaat yo‘llanib, shartnoma asosida mavjud debitorlik qarzdorligini undirishda amaliy yordam so‘ragan.
Mazkur murojaat yuzasidan o‘rganishlar davomida tomonlar o‘rtasida shartnoma bo‘yicha bajarilgan ishlar hajmi 2024 yil 1 noyabrdagi hisob-kitob dalolatnomasiga asosan, tomonlar o‘rtasida qurilish ishlari amalga oshirilganligi hamda 155 million 407 ming 257 so‘m debitor qarzdorligi mavjudligi tasdiqlanganligi hamda shu kunga qadar to‘lanmaganligi aniqlandi. Jumladan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti bosh muhandisi, “Allayar proyekt” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassisi va “Xadji Stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori o‘rtasida 2025 yil 12 mart kuni tuzilgan ma’lumotnomaga asosan 155 million 407 ming 257 so‘mlik qurilish ishlari to‘liq amalga oshirilganligi tasdiqlangan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 241-moddasiga asosan, majburiyat bajarilmaganligi uchun, basharti qonunchilik yoki shartnomada uchinchi shaxsning javobgar bo‘lishi nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnomadagi taraf javobgar bo‘lishi belgilangan. Bundan tashqari, ushbu Kodeksning 638-moddasiga asosan, agar pudrat shartnomasida bajarilgan ishga yoki uning ayrim bosqichlariga oldindan haq to‘lash nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi pudratchiga shartlashilgan haqni ish tegishli tarzda va kelishilgan muddatda yoxud buyurtmachining roziligi bilan muddatidan oldin bajarilib, uning natijalari uzil-kesil topshirilganidan keyin to‘lashi shart. Shuningdek, Kodeksning 673-moddasiga muvofiq, buyurtmachi pudratchining bajargan ishi uchun smetada nazarda tutilgan miqdorda, qonun yoki qurilish pudrati shartnomasida belgilangan muddat va tartibda haq to‘laydi deyilgan.
Shu sababli Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan debitorlik qarzdorlikni undirish bo‘yicha Nukus tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritildi. Sud tomonidan ish mazmunan ko‘rib chiqilib, qonuniy va asosli dalillar asosida qarzdorlik mavjudligi e’tirof etilib, 155 million 407 ming 257 so‘m pul mablag‘i “Xadji Stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati foydasiga undirib berilishi haqida qaror qabul qilindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri