Joriy yilning 10–12 iyun kunlari bo‘lib o‘tayotgan IV-Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi (TIIF 2025) xalqaro investorlar, moliya institutlari, biznes va davlat sektori vakillari o‘rtasida muloqot, sheriklik va yangi loyihalarni muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ushbu yirik tadbir doirasida «Biznesni rivojlantirish banki» ATB bir qator xalqaro moliya institutlari va yirik kompaniyalar bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.

Jumladan, bank vakillari Aktifbank (Turkiya), FAB – First Abu Dhabi Bank va Cargill Financial Services International Inc (BAA), BK Trade Capital (Shveysariya, tashqi savdo va moliyaviy xizmatlar sohasida ixtisoslashgan kompaniya), Commerzbank (Germaniya), Olam Agri (Singapur, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi va ta’minoti sohasida faoliyat yurituvchi global agroindustrial kompaniya), StoneX (AQSH, tovar, valyuta va moliya bozorlarida brokerlik va savdo xizmatlari ko‘rsatuvchi moliyaviy korporatsiya), Landesbank Baden-Württemberg (Germaniya) kabi nufuzli tashkilotlar bilan muzokaralar olib bordi.

Uchrashuvlar davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar. Xususan, kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy resurslarni jalb qilish, eksport va savdo moliyasi hamda xalqaro banklar bilan korrespondentlik munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.

Ushbu muzokaralar «Biznesni rivojlantirish banki» ATBning xalqaro hamkorlikni kengaytirish, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga ko‘maklashishga qaratilgan strategik maqsadlarini amalga oshirishda muhim qadam bo‘ldi.
Bank axborot xizmati