Buyuk Britaniya poytaxti Londonda shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha jamoalar o‘rtasida o‘tayotgan navbatdagi jahon chempionatining ilk tur o‘yinlarida kutilgan va kutilmagan natijalar qyd etildi.
Kecha jahon chempionatining tantanali ochilish marosimida Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti Arkadiy Dvarkovich, Angliya shaxmat federatsiyasi prezidenti Dominik Louson, Buyuk Britaniya qurollik jamiyatining sobiq prezidenti, biologiya yo‘nalishida Nobel mukofoti sovrindori Venkatraman Ramakrishnan ishtirokchi jamoalarga uchinchi marta tashkil etilayotgan jahon chempionatida omad tiladi.

Musobaqa nizomiga muvofiq, kecha rapid yo‘nalishidagi dastlabki 4 ta tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

52 ta jamoa ishtirok etgan ilk kungi musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, Ardjun Erigaysi sardorligidagi Hindistonning “MGD1” jamoasi 4 ta imkoniyatdan unumli foydalangan holda 8 ochko bilan yakka peshqadamlikka erishdi. Keyingi o‘rinlarni egallagan “WR Chess”, “Freedom” va musobaqada ilk bor qatnashayotgan Britaniyaning “Malcolm’s Mates” jamoasi keyingi pog‘onalarni band etdi.

Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Rustam Qosimjonov, Nodirbek Yoqubboyev, Gulruhbegim Tohirjonova, Nilufar Imomqo‘ziyeva, Afro‘za Hamdamova, Shamsiddin Vohidovdan iborat “Uzbekistan” jamoasi dastlabki uchta turda muvaffaqiyatga erishdi.
1-turda hamyurtlarimiz qora donalarda “Berlin Chess Federation” jamoasini 6:0 hisobida, 2-turda oq donalarda David Navara yetakchiligidagi “Hetman Katowice” jamoasini 4,5:1,5 hisobida, 3-turda qora donalarda “Knight Dance” jamoasini 4,5:1,5 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

4-turda “Uzbekistan” jamoasi oq donalarda Ardjun Erigaysi sardorligidagi Hindistonning “MGD1” jamoasiga ro‘baro‘ keldi. Nafaqat O‘zbekiston va Hindiston shaxmat ishqibozlari, balki dunyo shaxmat mutaxassislari e’tibor markazida kechgan bahsda Nodirbek Abdusattorov birinchi taxtada Ardjun Erigaysini mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Afro‘za Hamdamova raqiblari bilan durangga erishdi.Shamsiddin Vohidov va Nilufar Imomqo‘ziyeva raqiblariga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bu, “Uzbekistan” “MGD1” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 2,5:3,5 ko‘rinishida yakunlanishiga olib keldi.

4 ta tur o‘yinlari yakunlariga ko‘ra, 6 ochko jamg‘argan “Uzbekistan” jamoasi qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 8-o‘rinni band etib turibdi.
Bugun, 12 iyun kuni 5-8-tur o‘yinlari tashkil etilsa, jamoamiz 5-turda Levan Aronyan sardorligidagi “Hexamind” jamoasi bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatining rapid yo‘nalishida g‘oliblikka erishgan jamoalar 310 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA