Toshkent shahrida O‘zbekiston va Ozarbayjon hukumatlari delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda davlatlarimiz rahbarlari tomonidan ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan dolzarb vazifalar amaliy ijrosini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbirda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi samarali muloqotni izchil davom ettirish va yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur ustuvor maqsadlarga erishishda o‘tgan yil avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma dasturilamal bo‘lishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon nafaqat umumiy tarix, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar birlashtirgan, balki barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni izchil rivojlantirayotgan ishonchli ittifoqchi davlatlarga aylangan. Ayni jarayonda, shubhasiz, davlatlarimiz yetakchilari o‘rtasidagi samimiy do‘stlik, birodarlik rishtalari hal qiluvchi ahamiyatga egaligi qayd etildi.
Darhaqiqat, barcha yo‘nalishlarda ijobiy o‘sish kuzatilmoqda, aloqalar izchil rivojlanayotir. Xususan, oxirgi to‘rt yilda o‘zaro savdo miqdori ikki barobar oshdi. Iqtisodiyotning turli sohalarida muhim qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilishda davlat rahbarlari ikki mamlakat hukumatlari zimmasiga amaliy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab bergani, ushbu maqsadlarga erishish uchun ulkan salohiyat va imkoniyat mavjudligi ta’kidlandi. Shuningdek, savdo, transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va qishloq ho‘jaligi sohalaridagi sheriklik ko‘lamini yanada kengaytirish, hududlararo aloqalarni chuqurlashtirish, madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi munosabatlarni yanada rivojlantirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
G‘ayrat Xonnazarov, O‘zA muxbiri