Bugun poytaxtimizdagi “SAEX UZBEKISTAN” xalqaro ko‘rgazma markazida Toshkent xalqaro investitsiya forumining ikkinchi kungi tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Forum doirasida energetika, to‘qimachilik, agrosanoat, turizm, logistika va boshqa muhim sohalarda tematik sessiyalar, master-klasslar hamda panel muhokamalar tashkil etildi. Ishtirokchilar O‘zbekiston iqtisodiyotidagi islohotlar, investitsiyaviy muhit va yangi loyihalar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Ikkinchi kungi tadbirlarda ham mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha faol muhokamalar, taqdimotlar va stend namoyishlari davom etmoqda. Ular orasida mahalliy ishlab chiqaruvchi – “Ideal” kompaniyasi ham faol ishtirok etmoqda.
– Korxonamiz 1995 yilda faoliyatini boshlagan, – deya ta’kidlaydi “Ideal” kompaniyasi direktori Muhammadjon Qodirov. – Brend sifatida esa 2000 yilda tasdiqlangan. Erkaklar kiyimi ishlab chiqarish bo‘yicha mamlakatimizda yetakchi korxonalardan biri sanalamiz. Tarkibimizda beshta fabrika bor: biri kostyum-shim, boshqasi ko‘ylak kabi mahsulotlarga ixtisoslashgan.
Korxona nafaqat erkaklar kiyimlari, balki ishchi formalari, harbiy kiyimlar hamda maxsus buyurtma asosida Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi uchun xizmat kiyimlarini ishlab chiqarmoqda. Ayni paytda korxona har kuni 800 tagacha kostyum-shim, 1500 ta ko‘ylak va shim, 600 ga yaqin kurtka ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Mahsulotlar Rossiya, Turkiya va Germaniya kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Bizning asosiy yutug‘imiz Prezidentimizning ishonchiga sazovor bo‘lib, davlat miqyosidagi loyihalarda ishtirok etayotganimizdir. Bu bizga yangi maqsadlar qo‘yish imkonini beradi. Ayni vaqtda matoni O‘zbekistonda ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyiha ustida ishlayapmiz. Bu sintetik xomashyo asosida tayyorlanadigan mato ishlab chiqarish fabrikasi bo‘ladi.
Kompaniya yoshlarni ish bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratadi. Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti bilan hamkorlikda dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, talabalar uch kun nazariy bilim olib, uch kun amaliyotni korxonada o‘taydilar.
Shu bilan birga, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi korxona faoliyatini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xususan, mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, ko‘rgazmalarda ishtirok etish va xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlashda ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/QkTG6yRV6vM" title="Milliy iqtisodiyot salohiyati – xorijiy investorlar e’tiborida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva,
Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA