Bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish, ayniqsa, chiqindi muammolarini bartaraf etish eng dolzarb ekologik masalalardan biridir. Bu borada mamlakatimizda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish hamda chiqindi poligonlarini yopish va rekultivatsiya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ammo shunga qaramay, chiqindi borasida o‘z yechimini kutayotgan qator masalalar mavjud. Jumladan, qattiq maishiy chiqindi poligonlarini yopish, rekultivatsiya qilish, ularni qayta yuklash stansiyalarini hamda chiqindilarni qayta ishlashni tashkil etish, xizmat ko‘rsatuvchi sanitar tozalash korxonalari tomonidan chiqindilarni toifalarga ajratgan holda to‘plash uchun maxsus chiqindi paketlari bilan (QR-kodli) bepul ta’minlash, qayta ishlash yoki ekologik xavfsiz tarzda utilizatsiya qilishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga “yashil subsidiyalar” ajratish tizimini joriy etish bo‘yicha dasturlarda belgilangan ayrim loyihalarning ijrosi kechikmoqda.

Bundan tashqari, elektromobillar keng ommalashib borayotgan bir paytda ularning akkumulyatorlari yaroqlilik muddati tugagandan so‘ng utilizatsiya qilish masalalarini hal etish zarur.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri A.Abduhakimovga “Qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish hamda chiqindi poligonlarini yopish va rekultivatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi X.G‘afforov sohadagi vaziyat, chiqindi muammolarini bartaraf etishning bugungi kundagi ahamiyati bo‘yicha ma’ruza qildi. Shundan so‘ng qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish hamda chiqindi poligonlarini yopish va rekultivatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish haqida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziriga parlament so‘rovi yuborildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA