Parlament quyi palatasining majlisida ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash va uning davomiyligini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Mazkur hujjat bo‘yicha Qonunchilik palatasi Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Nazira Muxtorova batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi bilan ish vaqtidan tashqari ishning bir kunda birinchi ikki soati uchun kamida 1,5 hissa miqdorida, ikki soatdan ortiq qismi uchun kamida 2 hissa miqdorida (mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarda – har bir soati uchun kamida ikki hissa miqdorda) haq to‘lanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligi xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida to‘rt soatdan (mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarda – bir kunda ikki soatdan) oshmasligi kerakligi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, xodimlarning qo‘shimcha daromad olish imkoniyatini ta’minlash hamda ularni norasmiy ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb etish holatlarini kamaytirish maqsadida qonun loyihasida ish vaqtidan tashqari ishlarning davomiyligini yiliga 120 soat bilan cheklovchi normani bekor qilish taklif etilmoqda.
Ish vaqtidan tashqari ishning daromadlari tahlil qilinganda, 5 kunlik ishlaydigan xodimning daromadlari yillik limit belgilanganiga nisbatan 2,8 barobar, 6 kun ishlaydiganlarning daromadi esa 3,8 barobarga oshishi mumkinligi aniqlandi.
Muhokamalar davomida ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari ta’minlanishiga, tashkilotlarda ish unumdorligini oshirish va xodimlarning daromadlari ko‘payishiga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA