IT Park Uzbekistan Slovakiya investitsiyalar va savdoni rivojlantirish agentligi (SARIO) bilan hamkorlikda "IT Park Uzbekistan'dagi biznes imkoniyatlari" mavzusida vebinar o‘tkazdi, deb xabar berdi O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, "Zoom" platformasida tashkil etilgan onlayn vebinar IT Park Uzbekistan'ning xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Maxliyo Muksinovaning qutlov so‘zi bilan boshlandi. U o‘z nutqida xalqaro hamkorlikning ahamiyatini ta’kidlab, O‘zbekistondagi raqamli transformatsiyani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha IT Park'ning strategik maqsadlarini taqdim etdi. So‘ngra IT Park vakillari IT-kompaniyalarga ko‘rsatilayotgan keng qamrovli ko‘mak to‘g‘risida mazmunli taqdimot o‘tkazdi.
Tadbirning asosiy qismi "Montfort Eurasia" direktori o‘rinbosari Alyona Georgobianining taqdimoti bo‘ldi. Taqdimot doirasida u o‘z kompaniyasining muvaffaqiyatli tajribasi bilan o‘rtoqlashdi va IT Park Uzbekistan rezidenti sifatida erishgan haqiqiy afzalliklari haqida so‘z yuritdi. Shu bilan birga, ishtirokchilarga IT Park taqdim etayotgan imtiyozlar haqida qimmatli ma’lumotlar berdi.
Vebinar yakunida IT Park vakillari so‘zga chiqib, Slovakiya va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikning ulkan salohiyatini ta’kidladilar, shuningdek, IT Park'ning mustahkam sheriklik aloqalarini o‘rnatishga bo‘lgan intilishini qayd etdilar.
N.Rahmonova tayyorladi, O‘zA