Vatanimiz tarixidagi 9 iyun sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1578 yil (bundan 447 yil oldin) – Zominga yetib kelgan Toshkent va Turkiston hukmdori Bobo sulton (Baroqxonning o‘g‘li) qo‘shini Buxoroning amaldagi xoni Abdullaxon tomonidan mag‘lubiyatga uchratildi. Bu jangda Bobo sulton lashkari safida ishtirok etgan sultonlar orasida Axsi hokimi Do‘st Muhammad sulton ham bo‘lgan. Tarixchi Hofiz Tanish Buxoroiyning ta’kidlashicha, Bobo sulton o‘z mudofaasini tashkil etishda Andijon, Axsi va Kosondan keltirilgan aravalardan foydalangan. Ushbu g‘alabadan keyin Abdullaxon Toshkentga yirik harbiy yurish uyushtirdi.
1785 yil (bundan 240 yil oldin) – Muhammad Doniyolbiy otaliqning o‘g‘li Shohmurod Buxoro amiri bo‘ldi. U faol ichki va tashqi siyosat olib bordi. Pul islohoti o‘tkazib, sof kumushdan tanga zarb qildirdi. Zamondoshlari va kelajak tarixchilari Shohmurodni “Begunoh amir” va “Ikkinchi Umar”, “g‘oziy” unvonlari bilan tilga olishadi. Shohmurod tasavvuf g‘oyalari bilan sug‘orilgan “Donishmandlik asoslari” asarini yozgan, hanafiya mazhabiga doir “Buxoro ahliga fatvolar” to‘plamini tuzgan.
Amir Shohmurod hukmronlik qilgan qisqa davr (1785–1800) – atigi 15 yil ichida Buxoro va Samarqandda ko‘plab madrasalar, masjidlar, xonaqolar va turli binolar qurilgan. Samarqand va Buxorodagi bo‘shab qolgan madrasalar bu davrda yana ilmi toliblar bilan gavjum bo‘lgan. Shuningdek, Amir Shohmurod Samarqand madrasalarini tiklashda faol qatnashgan.
1926 yil (bundan 99 yil oldin) – Respublika Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining to‘rtinchi sessiyasi tomonidan Yo‘ldosh Oxunboboyev raisligida 44 kishilik Yangi o‘zbek alifbosi markaziy qo‘mitasi tashkil etildi. Bu qo‘mita viloyatlarda maxsus tashkilotlar tuzib, ularning lotinlashtirish borasidagi ish faoliyatlarini kuzatib borgan.
1931 yil (bundan 94 yil oldin) – fiziolog, radiobiolog olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Nabijon Nazirov tavallud topdi (vafoti 1987 yil). U birinchilardan bo‘lib ionlovchi radiatsiyaning g‘o‘zaga ta’sirini tadqiq qildi. Xo‘jalik belgilari jihatidan qimmatli bo‘lgan 20 dan ortiq o‘rta tolali va ingichka tolali g‘o‘zaning yangi liniyalari va navlarini yaratdi.
1952 yil (bundan 73 yil oldin) – sozanda, bastakor, O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov tavallud topdi. Uning ijro uslubiga noziklik va mayinlik, qochirim-nolalarni, rang-barang usullarni ustalik va mohirona ishlatish xos. U qator xorijiy mamlakatlarda o‘z ijrochilik mahoratini namoyish etgan. U 2008 yilda O‘zbekiston Respublikasining “Buyuk xizmatlari uchun”, 2019 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan, 2022 yilda Ozarbayjon Respublikasining “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “«Faxriy murabbiy» ordenini ta’sis etishto‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Qonun bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, “Faxriy murabbiy” ordeni bilan yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni yot g‘oyalardan asrash, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, yosh avlod vakillarida faol fuqarolik pozitsiyasi va mafkuraviy immunitetni, tashabbuskorlik, fidoyilik va axloqiy fazilatlarni shakllantirishga munosib hissa qo‘shgan, shuningdek o‘zining chuqur bilimi va boy hayotiy tajribasi bilan yordamga muhtoj hamda og‘ir ahvolga tushib qolgan yoshlar va oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ish bilan ta’minlash hamda tadbirkorlikka o‘rgatish, buning uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida barchaga shaxsiy namuna ko‘rsatib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mukofotlanadi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Gidrometeorologiya xizmati a’lochisi» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi pochta aloqasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymon uy-muzeyini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA