10-12 iyun kunlari O‘zbekiston yana dunyo investorlari diqqat markazida bo‘ladi – mamlakatimiz poytaxtida IV Toshkent Xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi.
Ushbu tadbir bir necha yildirki sarmoyaviy istiqbol va iqtisodiy hamkorlikni muhokama qilish uchun muhim xalqaro maydonga aylangan. Bu galgi forumning ahamiyati, ayniqsa, yuqori. Zero, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan davlati sifatida mavqeini ishonch bilan mustahkamlamoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov xorijiy nashrlar uchun bergan intervyusida so‘nggi yetti yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, tadbirkorlik va xorijiy investorlar uchun tubdan yaxshilangan shart-sharoitlarni alohida ta’kidladi. Xususan, nisbatan qisqa dpvr ichida yurtimizga 90 milliard dollardan ortiq xorijiy sarmoya jalb etilgani mintaqa miqyosida ham salmoqli ko‘rsatkich. O‘tgan yil iqtisodiyotimiz 6 foiz o‘sdi, bu esa tanlangan yo‘nalish to‘g‘riligini tasdiqlaydi.
Mamlakatni yalpi ichki mahsuloti qiymati 200 milliard dollarga chiqadigan kuchli davlatga aylantirish rejasi aks etgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi shunchaki so‘zdagi loyiha emas. Bu jarayon xorijiy investitsiya asosiy o‘rin tutadigan yo‘l xaritasi bilan mustahkamlangan. Toshkent investitsiya forumi esa davlat va biznesning asosiy muloqot maydoniga aylanmoqda. Oxirgi, uchinchi forumda rekord darajadagi 26,6 milliard dollarlik shartnomalar imzolangani fikrimizga dalildir.
2022 yildan buyon imzolangan investitsiya bitimlari miqdori 44 milliard dollardan oshgan. Loyihalarning aksariyati amalga oshirilgan yoki qurilish bosqichida. Eng faol investorlar – Saudiya Arabistoni, Xitoy, Rossiya va bir-birini to‘ldiradigan turli tajriba va texnologiyalarga ega davlatlar hisoblanadi.
Bugun O‘zbekiston dunyoga eshiklarini ochib, investorlarni mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektroenergetika, moliyaviy texnologiya va hatto sun’iy intellekt sohasidagi yirik loyihalarning bir qismi bo‘lishga taklif qilmoqda. Bo‘lajak forumning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, tarixan ilk sarmoyaviy ko‘rgazma sifatida yirik kompaniyalarga loyihalarini, mahalliy biznes vakillariga o‘z salohiyatini xalqaro auditoriyaga namoyish etishi imkonini beradi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA