BAA-O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasidagi o‘zaro statistikalarda ustunlik kim tomonda?
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Birlashgan Arab Amirliklari jamoasi bilan o‘tkazgan omadli o‘yini tarixiy natijaga erishishimizga sabab bo‘lganligi bilan e’tiborlidir.

Abu-Dabi shahridagi "Al Nahayyon" stadionida o‘tgan BAA-O‘zbekiston jamoalari qarama-qarshiligidagi o‘yin har jihatdan hayajonli bo‘lishi bilan birga O‘zbekistonninggina emas, Markaziy Osiyo mamlakatlarida istiqomat qilayotgan millionlab futbol ishqibozlarining katta quvonchiga, g‘ururi yuksalishiga sabab bo‘ldi.
Yagona maqsad, ulug‘ orzular tegrasida birlashtiruvchi, hamjihatlikka chorlovchi ushbu natija jarayonida ikki jamoa o‘rtasidagi o‘yinlar sarhisobi qanday ko‘rinishda ekanligi ko‘pchilikka qiziq bo‘lishi tabiiy.

Xo‘sh, futbol bo‘yicha BAA-O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasidagi o‘zaro statistikalarda ustunlik kim tomonda?
Aytish lozim, ma’lumotlarga ko‘ra, ikki jamoa bugungacha o‘zaro umumiy 19 bor to‘qnash kelgan. 9 ta uchrashuvda raqiblarimizning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, 6 ta bellashuvda vakillarimiz muvaffaqiyatga erishgan.
O‘tkazilgan 4 ta qarama-qarshilikda esa murosa yo‘li tanlangan. Milliy terma jamoamiz ushbu bahslar davomida umumiy hisobda 20 ta gol urib, 25 bora o‘z darvozasidan to‘p olib chiqqan.

Agarda faqatgina jahon chempionati saralashidagi o‘yinlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ustunlik yana raqiblar tarafda. O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari 1 ta o‘yinda g‘alaba qozonib, 3 ta uchrashuvda mag‘lub bo‘lgan. 2026 yilgi jahon chempionati yo‘llanmasini taqdim etgan o‘tgan kun "Al Nahayyon"dagi durang bilan hisoblaganda bu boradagi hisob-kitoblar 2 tani tashkil etmoqda.
Birlashgan Arab Amirliklari bilan o‘tkazilgan umumiy uchrashuvlar vaziyatida O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng yirik g‘alabasi 2014 yil 14 oktyabr kuniga to‘g‘ri keladi. O‘shanda yuksak orzularga ko‘z tikkan futbolchilarimiz 4:0 hisobida raqiblarini dog‘da qoldirgandi. Darvoqe, bundan 11 yil muqaddam yirik g‘alabaning ilk golini terma jamoamizning bugungi ustozi Timur Kapadze arablar darvozasiga yo‘llagandi.

Eng yirik mag‘lubiyatimiz esa 2001 yil 17 avgust kuni sodir bo‘lgan. O‘shanda Abu Dabining "Al-Vahda" stadionida o‘tgan o‘yinda terma jamoamiz 4:1 hisobida BAA jamoasiga imkoniyatni boy bergan.
JCH-2026 yo‘lidagi o‘tgan kungi murosa yo‘li esa har qanday natijadan ham qadrli bo‘lganligini bugungi kayfiyatimiz, dunyo ahli, jahon futbolining mutasaddilari, turli tillarda so‘zlashuvchi olam ahli baralla aytmoqdaki, bu, vatanmiz jahon xalqlariga yangi O‘zbekiston bo‘lib yanada yorqinroq tanilishiga zamin yaratganligi bilan qadrlidir.
T. Ro‘ziyev, O‘zA