Jizzax garnizonidagi “n” harbiy qismida viloyatning turli hududlaridan kelgan 100 nafardan ortiq yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan “Jasorat maktabi” navbatdagi mavsum o‘quv-yig‘inlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Jizzax viloyat hokimligi, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, Jizzax garnizoni, viloyat mudofaa ishlari, yoshlar ishlari boshqarmalari, Yoshlar ittifoqi, harbiy prokuratura hamda Savdo-sanoat palatasi vakillari, Faxriylar kengashi a’zolari hamda o‘quv-yig‘in tinglovchilarining ota-onalari va yaqinlari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olganlar, yoshlarga kelgusi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilab, harbiy qismda o‘rgangan tartib-intizom, kasb-hunar va bilimlarini hayotda to‘g‘ri yo‘naltirish muhimligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.


Yig‘in yakunida Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyat boshqarmasining tadbirkorlik o‘quv-kurslarida faol qatnashgan ishtirokchilarga sertifikatlar taqdim etildi. Shuningdek, ushbu “Jasorat maktabi” o‘quv jarayonlarida o‘tkazilgan “Harbiy estafeta”, “Mini futbol”, “Milliy kurash” va “Zakovat” musobaqalarining g‘olib va sovrindorlariga tashkilotchilarning kubok, diplom va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari