Shu kunlarda gandbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar va qizlar terma jamoalari Belarus davlatida o‘tkazilayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etmoqda.
Joriy yilning 5-16 iyun kunlari mamlakat poytaxti Minsk shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida gandbolchilarimiz nazariy va amaliy mashg‘ulotlardan tashqari, mahalliy jamoalar bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushishi belgilangan.

Nufuzli xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik vazifasini o‘taydigan mazkur o‘n kunlik mashg‘ulotlar davomida kecha O‘zbekiston qizlar terma jamoasi ilk o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.

Belarusning yetakchi jamoalaridan biri bo‘lgan “Zvezda” gandbolchi ayollar jamoasiga qarshi o‘yin har jihatdan murosasiz kechdi. Bu natijalarda ham o‘z aksini topdi - 41:41.
T.Ro‘ziyev, O‘zA