Armanistonda mukofot jamg‘armasi 19 ming 200 AQSH dollaridan iborat “Stepan Avagyan Memorial-2025” turniri yakunlandi.
Kecha xalqaro musobaqaning so‘nggi 9-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyev oq donalarda xitoylik Xu Xiangyi bilan kuch sinashdi. Mazkur bahsning 58-yurishidan so‘ng tomonlar durangga rozi bo‘lishdi.

9-tur doirasida o‘tkazilgan o‘yinlarda hindistonlik Rameshbabu Praggnanandxa va Aravind Chitambaram armanistonlik shaxmatchilarni mag‘lub etdi va ochkolari sonini 6,5 taga yetkazib oldi.
Qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga Aravind Chitambaram 1-o‘rinni, Rameshbabu Praggnanandxa 2-o‘rinni egalladi. 3-o‘rin turnirning 1-turida Yoqubboyev bilan durang o‘ynagan va umumiy hisobda 5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan germaniyalik Dmitrij Kolarsga nasib etdi.

Turnir davomida 1 ta g‘alaba, 6 ta durang, 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan Nodirbek Yoqubboyev 4 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 6-o‘rinni egalladi.
Oltinchi bor tashkil etilgan “Stepan Avagyan Memorial-2025” turnirida g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 3 ming 100 AQSH dollari bilan, shuningdek 4-o‘ringacha bo‘lgan pog‘onalarni band etganlar musobaqa nizomiga muvofiq belgilangan pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Armanistonda o‘tgan mazkur turnir bilan bir vaqtda onlayn o‘tkazib kelinayotgan “Freestyle Chess” musobaqasining navbatdagi bahslari tashkil etildi.
Dunyoning 40 ga yaqin mamlakatidan ishtirok etgan mahoratli shaxmatchilar qatorida yurtimizning 6 nafar “aql gimnastikasi” sohiblari 11 ta turdan iborat bahslarda o‘z omadini sinovdan o‘tkazdi.
Yakunlangan o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, AQSH sharafini himoya qilgan Jefferi Xiong 11 ochko bilan 1-o‘rinni band etdi.
O‘zbekistonlik shaxmatchilardan Saidakbar Saidaliyev 7,5 ochko bilan 18-o‘rinni, Muhammadali Abdurahmonov 6,5 ochko bilan 34-o‘rinni, Javohir Bozorov 6 ochko bilan 64-o‘rinni, Afro‘za Hamdamova 5,5 ochko bilan 69-pog‘onani egalladi.
Shaxmatchilar uchun mahorat mashg‘uloti bo‘lgan “Freestyle Chess” turnirining navbatdagi onlayn musobaqalari 13 iyun kuni tashkil etiladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA