Adliya vazirligiga aholidan ko‘plab savollar kelib turadi. Mutaxassislar tushayotgan dolzarb savollarni sohalarga bo‘lgan holda “5 savolga 5 javob” rukni ostida ularga javob tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi.
Quyida energetika bo‘yicha kompensatsiya va moddiy yordamga oid 5 savolga 5 javob bilan tanishasiz.
– Kimlarga elektr va gaz to‘lovlarining bir qismi kompensatsiya qilib beriladi?
- Ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan oylik daromadi har bir oila a’zosiga 669 ming so‘mdan kam oilalar, reyestrlarga kiritilmagan, ammo mol-mulki kam va oylik daromadi har bir oila a’zosiga 1 million 3 ming 500 so‘mdan kam bo‘lgan oilalarga shunday imtiyoz berilgan.
– Kompensatsiya miqdori qancha?
– Elektr uchun – oyiga bazaviy me’yordan (ya’ni, 200kVt soatdan) ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha, gaz uchun – noyabr-fevral oylarida bazaviy me’yordan (ya’ni, 500 kub metrdan) ko‘p foydalanilgan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda esa 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun kompensatsiya qilinadi.
– Kompensatsiya olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
– Kompensatsiya olish uchun “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki mahallalarda faoliyat yurituvchi ijtimoiy xodimlarga murojaat qilish kerak.
Bunda arizada pasport ma’lumotlari, abonent raqami va telefon raqami ko‘rsatiladi. Arizalar har oyning 15-sanasiga qadar qabul qilinadi.
– Kompensatsiya har oy to‘lab beriladimi?
– Kompensatsiya oluvchi oilalarning mezonlarga mosligi har oyda avtomatik o‘rganilib, mezonlarga mos kelgan taqdirda, keyingi oylar uchun alohida murojaat talab etmagan holda kompensatsiya to‘lovi davom ettiriladi.
– Isitish mavsumida kimlarga bir martalik moddiy yordam ajratiladi?
– 2025/2026 yil isitish mavsumida noyabr oyida quyidagi oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi: reyestrlarga kiritilgan oilalarga; “mahalla yettiligi” xulosasi asosida reyestrlarga kiritilmagan, yordamga muhtoj oilalarga.
Bunda “mahalla yettiligi” tomonidan qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirilishida, birinchi navbatda quyidagilar inobatga olinadi:
-boquvchisini yo‘qotgan oilalar;
-a’zolari I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxslardan iborat oilalar;
-nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalar;
-uzoq davolanishni talab etadigan kasalliklar bilan kasallangan shaxslar yashovchi oilalar;
-o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchilar va yolg‘iz keksalar;
-nogironligi bo‘lgan shaxslar; -3 va undan ortiq oila yashaydigan xonadonlarda hamda gaz bo‘lmagan va markazlashtirilgan tartibda isitilmaydigan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar.
N.Abduraimova,
O‘zA