Bu haqda mazkur tashkilot axborot xizmati xabar berdi. Unda ma’lum qilinishicha, “S&P Global Ratings” xalqaro agentligi “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining kredit reytingi bo‘yicha prognozini “Barqaror”dan “Ijobiy”ga o‘zgartirgan. Shuningdek, kompaniyaning uzoq muddatli kredit reytingi “B+” darajasida tasdiqlangan.
Bu qaror 2025 yil 23 may kuni O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingiga berilgan ijobiy prognoz fonida qabul qilingan.
Ta’kidlash kerakki, “O‘zbekneftgaz” AJ mamlakat iqtisodiyotida strategik ahamiyatga ega bo‘lib, respublikada qazib olinadigan tabiiy gazning taxminan 60 foizini ta’minlaydi. Kompaniya gazni ichki bozorga ijtimoiy narxlarda yetkazib berish orqali sanoatni rivojlantirish va energetika sohasida barqarorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shib kelmoqda.
Jamiyat mahalliy gaz asosida “GTL” zavodida sintetik yoqilg‘i va boshqa qayta ishlangan mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Shu bilan birga, “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar mamlakatdagi eng yirik soliq to‘lovchilar hamdir.
Kompaniya aksiyalarining deyarli 100 foizi davlatga tegishli bo‘lib, kuzatuv kengashida ham davlatning salmoqli ishtiroki mavjud. O‘tgan yillar davomida kompaniya davlat tomonidan imtiyozli shartlarda va kafolatlar asosida moliyaviy qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lgan.
Mazkur xalqaro agentlik tomonidan berilgan ijobiy prognoz kelgusida “O‘zbekneftgaz” AJning reytingi yanada oshishi ehtimolini anglatadi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA