Bugun, 5 iyun o‘zbek futboli tarixiga oltin harflar bilan bitiladigan o‘ziga xos kun bo‘lishi ostonasida turibmiz.
Hayajonlarimiz bir olam. Taxminlar, iqtiboslar, fikrlar, maydonning har bir chizig‘ida harakat qiladigan futbolchilarimiz to‘g‘risidagi gap-so‘zlar har qachongidan ham bugun odamlar orasida eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzuga aylangan.
Aytish lozim, Osiyo futbol konfederatsiyasiga a’zo mamlakatlar uchun 2026 yilgi Jahon chempionati saralashi bir necha bosqichdan iborat etib belgilangan. Har bir bosqich milliy terma jamoalar uchun muhim sinov bosqichi hisoblanadi.

Okean ortining uchta mamlakatida 2026 yil o‘tadigan Jahon chempionati Osiyo qit’asi uchun tarixiy mundial sanaladi. Oldingi chempionatlarda qit’aga 4,5 yoki 5,5 ta yo‘llanma ajratilgan bo‘lsa, bu safar 8+1 ta formatda Osiyo jamoalari mundial chiptasiga ega chiqishi belgilangan.
Osiyo qit’asida Jahon chempionatiga chiqish uchun 5 bosqichli saralash tizimi joriy etilgan bo‘lib, dastlabki saralash bosqichida FIFA reytingida eng quyi o‘rinlarni egallagan 20 ta jamoa ishtirok etadi. G‘olib bo‘lgan 10 ta jamoa keyingi bosqichga yo‘l olishi ko‘zda tutilgan.

Saralashning keyingi bosqichida 36 ta jamoa qatnashadi. Ushbu jamoalar 9 ta guruhga bo‘linadi. Guruhlarda har bir jamoa 6 ta o‘yin o‘tkazadi va 2 ta eng yaxshi jamoa keyingi bosqichga chiqadi. Keyingi bosqichga yetib kelgan 18 ta jamoa 3 ta guruhga bo‘linadi va jamoalar o‘z guruhida jami 10 ta o‘yin o‘tkazadi. Har bir guruhdan 2 ta eng kuchli jamoa bevosita “JCH-2026” yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Bunda 6 ta jamoaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri mundialga chiqishi va o‘z guruhlarida 3 va 4-o‘rinni egallagan 6 ta eng yaxshi jamoa 4-bosqichda kurashni davom ettirishi nazarda tutilgan.
Osiyo qit’asi 4-bosqich bahslari qo‘shimcha saralash tizimi bo‘lib, 6 ta jamoa 2 ta guruhda “JCH-2026”ning 2 ta yo‘llanmasi uchun bahs yuritadi. Osiyo futbol jamoalari uchun “JCH-2026”ga chiqishning so‘nggi yurishi qit’alararo pley-off bosqichi sanaladi. Unda 4-bosqichda 2-o‘rinni egallagan 2 ta jamoa chempionatning yagona chiptasi uchun kuch sinashadi.
2026 yilgi Jahon chempionati karvoni allaqachon yo‘lda. O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo saralashining uchinchi bosqichida tarixiy yo‘llanmani qo‘lga kiritish ostonasida turibdi.
Saralashning ushbu bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi “A” guruhida Eron, Qatar, BAA, Qirg‘iziston va Shimoliy Koreya jamoalari bilan bahs yuritmoqda.
Futbol muxlislariga ma’lum, shunday vaziyatda Eron terma jamoasi hozircha guruh yetakchisi sifatida chempionat yo‘llanmasini naqd qildi.
Aynan bugun guruhda 2-o‘rinda borayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi qaysidir ma’noda mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi mumkin. Lekin raqibimiz BAA ham hali ikkinchi yo‘llanmadan umidini uzmagan.
O‘tgan o‘yinlar holatiga e’tibor qaratsak, milliy terma jamoamiz Eron bilan durang, BAA va Shimoliy Koreya ustidan g‘alaba, Qatar bilan shiddatli bahsda 2:3 hisobidagi alamli mag‘lubiyat qayd etgan.
Orzularimizning haqiqatga aylanishi eng avvalo, bugun 5 iyun kuni BAAga qarshi mehmonda o‘tkazadigan uchrashuvimizda qayd etiladigan natijaga bog‘liq.
Voqealar rivojidan oldinga o‘tib aytadigan bo‘lsak, BAAdan ochko tortib olingan taqdirda 10 iyun kuni Toshkentda Qatarga qarshi o‘yin futbolchilarimiz uchun sinov o‘yini bo‘lib qolishini ich-ichimizdan istamoqdamiz.
Aytish lozimki, BAA har doim xavfli jamoa sanaladi. Ular katta yo‘l ostonasida barchasini o‘zgartirishga intiladi. Biz uchun esa g‘urur, or, Vatan sha’ni uchun kechadigan ushbu o‘yinda O‘zbekiston milliy terma jamoasining g‘alabasi, futbolchilarimiz tomonidan kiritilishi kerak bo‘lgan har bir gol katta ahamiyatga ega.
Istagimiz, bugungacha armonga aylanib kelgan, qalb-qo‘rimizning tub-tubida o‘zbek futbolining muvaffaqiyatli kunlarini intiq kutayotgan shodlik vulqonlari aynan bugun, Birlashgan Arab Amirliklarida, Abu-Dabining muhtasham futbol maydoni uzra keng dunyoni qamrab olsin.
T.Ro‘ziyev
O‘zA