Argentina Prezidenti Xaver Miley ma’muriyati tarkibidagi Razvedka agentligi jurnalist, siyosatchi va iqtisodchilarni kuzatish imkonini beradigan yangi reja ma’qullangani haqidagi ma’lumotlarni rad etdi. Bu haqda CNN yozdi.
Jurnalist Ugo Alkonada Mon “La Nacion” gazetasida yozishicha, u Davlat razvedka kotibiyati (SIDE) oshkor qilgan milliy razvedka rejasini ko‘rib chiqqan. Terrorizmning oldini olish va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish kabi an’anaviy maqsadlar belgilangan loyihada, ayni payt, ayrim " muvaffaqiyatsiz umumlashtirishlar, noaniqliklar" mavjud.
– Masalan, ushbu tarmoq xalq xavfsizligini ta’minlashga mas’ul amaldorga nisbatan jamoatchilik ishonchini “yo‘qotish”ga intilayotgan har qanday shaxs to‘g‘risida ma’lumot to‘plash huquqiga ega bo‘ladi, biroq xorijiy agent, ekspert, jurnalist yoki oddiy fuqaroga ishora qilinayotganini aniq ko‘rsatmaydi, – deyilgan maqolada.
Miley idorasi 25 may kuni yangi razvedka rejasi mavjudligini tasdiqladi, ammo hujjat ayni maqsadda foydalanilishini inkor qildi.
Alkonada Mon ta’kidlashicha, talqinlardan biriga ko‘ra, mazkur reja Rossiyaning boshqa mamlakatlardagi saylovlarga ta’sir o‘tkazishga urinishi kabi xorijiy kuchlar tomonidan amalga oshiriladigan ehtimoliy harakatlarga qarshi turish uchun mo‘ljallangan.
– Xullas, suveren davlat sifatida biz chet kuchlar bunday amaliyotga jur’at qilmasligini ta’minlashimiz kerak, – deydi Alkonada. Ayni holatda maqsad to‘g‘ri yo‘naltirilgan. Faqat hujjat aslida, tahlilchi, siyosatchi, jurnalist yoki fikrini erkin bildira oladigan boshqa har qanday kishiga ham tegishli bo‘lishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA