Bugun, 5 iyun kuni futbol bo‘yicha Osiyo qit’asida Jahon chempionati 3-saralash bosqichining 9-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston terma jamoasi ushbu turni safarda BAA termasiga qarshi o‘tkazadi. Toshkent vaqti bilan soat 21:00da Abu-Dabi shahridagi "Al Nahayyon" stadionida bo‘lib o‘tadigan mazkur uchrashuvni avstraliyalik hakam Shon Evans boshqarib boradi, unga qanotlarda hamyurtlari Jorj Lakrindis va Ouyen Goldrik yordam beradi. 4-rasmiy hakam sifatida Jonatan Barreyro, VAR'da esa Aleksandr King ishlaydi. Futbolchilarimiz mazkur bahsda to‘liq ko‘k libosda, darvozabonimiz esa yashil libosda harakat qilishi ma’lum bo‘ldi.

Temur Kapadze boshchiligidagi terma jamoamizning tarixiy uchrashuvi oldidan BAA termasiga qarshi o‘zaro o‘yinlar statistikasini e’tiboringizga havola etamiz.

Terma jamoalar bugunga qadar jahon chempionati saralash bosqichi va o‘rtoqlik uchrashuvlarida jami 10 ta o‘yinda o‘zaro to‘qnash kelgan. Ushbu uchrashuvlarda terma jamoamiz 3 ta g‘alaba va 2 ta durang qayd etgan bo‘lib, qolgan o‘yinlarda mag‘lub bo‘lgan. Biroq, so‘nggi ikki uchrashuvda BAA terma jamoasi futbolchilarimizni yenga olmayapti. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, 2020 yil o‘tgan o‘rtoqlik o‘yinida termamiz 2:1 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, o‘tgan yili mazkur saralash bosqichining ilk o‘yinida 1:0 hisobida g‘olib bo‘ldi.

“A” guruhida 17 ochko jamg‘argan terma jamoamiz BAA termasiga qarshi o‘tadigan o‘yinda durang qayd etsa ham Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqadi. Umid qilamizki, futbolchilarimiz bugun muvaffaqiyatga erishadi va tarixda yana bir quvonchli natija zarhal harflar bilan yoziladi.
Ma’lumot o‘rnida: Osiyo qit’asida Jahon chempionati 3-saralash bosqichining “A” guruhida Eron 20 ochko jamg‘arib, birinchi o‘rinda mustahkam joylashgan va ushbu terma jamoa muddatidan avval mundialga yo‘l olgan. O‘zbekiston termasi 17, BAA esa 13 ochko bilan ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda bormoqda. Qatar termasi 10 ochko bilan, Qirg‘iziston esa 6 ochko bilan 4-5-pog‘onadan o‘rin olgan. KXDR hamon 2 ochko bilan so‘nggi o‘rinda qolmoqda.
Shuningdek, bugun 9-tur doirasida Qatar – Eron, KXDR – Qirg‘iziston, Kuvayt – Falastin, O‘mon – Iordaniya, Iroq – Janubiy Koreya, Avstraliya – Yaponiya, Bahrayn – Saudiya Arabistoni, Indoneziya – Xitoy terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA