Afg‘oniston, Gaiti va Eron ham kiritilgan ro‘yxatga asosan jami 12 davlat fuqarolarining AQSHga kirishi man etildi. BBC yozishicha, Donald Tramp shu haqda tegishli hujjat imzolagan.
Bundan tashqari yana yetti mamlakat, jumladan Kuba va Venesueladan keluvchilarga ham "yumshoqroq" taqiq qo‘yilgan. Oq uy ta’kidlashicha, "sog‘lom fikrga tayangan" ayni cheklov amerikaliklarni "xavfli xorijiy "aktyorlar"dan himoya qiladi".
Bu e’lon Trampning 2017 yil, birinchi muddatida yetti musulmon davlati vakillari uchun "sehrli diyor"ga borish cheklangan jarayonning mantiqiy davomidir.
Tabiiyki, “qora ro‘yxat”ga tushgan hukumatlar qarorga munosabat bildira boshladi.
– Qo‘shma Shtatlarda bo‘lish nafaqat venesuelaliklar, balki hamma uchun jiddiy xavf, – deydi qisman cheklovdan jabrlangan yetti davlatdan biri – Venesuela ichki ishlar vaziri Diosdado Kabello. – Amerikani boshqarayotganlar yaxshi odamlar emas. Bu fashizmning bir ko‘rinishi. Ular o‘zlarini dunyoning egasi, deb o‘ylaydigan, xalqimizni hech qanday sababsiz quvg‘in qiladigan suprematistlar.
Ta’kidlash joiz, Trampning keng qamrovli sayohat taqiqida ba’zi istisnolar ham bor.
Masalan, Jahon kubogi yoki Olimpiada kabi yirik sport tadbirlarida qatnashadigan sportchilar, “Eronda ta’qibga uchragan etnik va diniy ozchilik uchun immigratsion viza" egalari, maxsus immigratsion vizaga ega Afg‘oniston fuqarolari, AQSHning har qanday turdagi qonuniy doimiy rezidentlari, sayohat taqiqiga kiritilmagan mamlakatlarda fuqarolikka ega shaxslar shular jumlasidan.
Musulmon Ziyo, O‘zA