Polsha prezidenti saylovida konservativ tarixchi, Milliy xotira instituti direktori Karol Navrotskiy kichik farq bilan g‘alaba qozondi. G‘olibning so‘zlariga ko‘ra, uni saylaganlar “yaxshi mamlakat”da yashashni istaydi. Xullas, 42 yoshli bu siyosatchi qariyb 51 foiz ovoz to‘plab, Varshava meri, Yevropa tarafdori Rafal Tshaskovskiyni yengdi.
Navrotskiy saylanishi Polshada muhim siyosiy o‘zgarish sifatida baholanmoqda. Uning qarashlari raqibinikidan keskin farq qiladi.
1983 yil Gdansk shahrida tug‘ilgan Karol 2003 yil qadrdon shahridagi Oliy biznes va boshqaruv maktabini, 2008 yil Gdansk universitetini tamomlagan. 2013 yil gumanitar fanlar bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, zamonaviy Polsha tarixiga ixtisoslashgan olim sifatida tanila boshlagan.
Tabiiyki, ko‘pchilikni Navrotskiyning Rossiya va Ukraina ziddiyatiga munosabati qiziqtiradi. Karol aksil kommunist qarashga ega tarixchi sifatida nom qozongan. Sovet davri targ‘iboti sifatida baholangan yodgorliklarni buzish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan. Ayni qarashi tufayli Rossiya 2024 yil xalqaro qidiruvga berib, unga nisbatan jinoiy ish ochgan.
Shu bilan birga siyosatchi diplomatik yondashuv tarafdoriligini ham ta’kidlaydi – muayyan masalalarda Rossiya Prezidenti bilan muzokara davrasiga o‘tirishga tayyorligini ham aytgan. Ukrainaga nisbatan esa tanqidiy munosabatda. Masalan, Kiyevni Yevropa Ittifoqi va NATO a’zoligiga munosib emas, deb hisoblaydi. Shuningdek, Polsha Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordam yetarli darajada qadrlanmayotganini tanqid qilgan. Ukrainalik qochqinlar, fermerlar va transport kompaniyalari bilan bog‘liq muammolarni tilga olgan. Hatto, AQSH Prezidenti Donald Tramp so‘roviga qaramay, polyak harbiylarini Ukrainaga yubormaslikka va’da bergan.
Karolning ayrim xulosalari ko‘pchilik siyosatchilarga yoqmayotgani ayon. Masalan, u YeIni zaif, ichki nomuvofiqlikda cho‘kib borayotgan tashkilot, Ukraina – RF muzokarasida ishtirok etmayotgani ham shu zaiflik belgisi, deb biladi.
Saylov oldi kampaniyasida Navrotskiy Polsha iqtisodiy mustaqilligini saqlash, yevro valyutasiga o‘tishni rad etish va milliy valyutani saqlab qolish tashabbusini ilgari surgan. Shuningdek, tadbirkorlar manfaatini himoya qilish eng ustuvor vazifa ekanini ta’kidlaydi.
Prezident sifatida faoliyat boshlagach, berilgan va’dalar qanchalik amalga oshadi, buni vaqt ko‘rsatadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IvhWreSfLhk" title="Polshaning yangi yetakchisi kim?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K. Bekjonov, O‘zA