Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi axborot xizmati rahbari Nodirbek Muqimov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, har yili respublika hududidagi boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan yer maydonlarida somon poyalari va ularning qoldiqlarini noqonuniy yoqib yuborish bilan bog‘liq minglab salbiy holatlar aniqlanmoqda. Bu esa ko‘pgina serhosil maydonlarning unumdorligini pasaytirib, tuproq strukturasining buzilishi, yerlardagi foydali makro va mikroelementlarning yo‘q bo‘lib ketishi, ekin hududlarining ball boniteti keskin tushishi kabi ayanchli oqibatlarga olib kelmoqda.
Qayd etilganidek, 1 gektar yer maydonida boshoqli don poyasi yoqilganida atmosferaga 500 gramm azot oksidi, 379 gramm ulgevodorod, 3 kg kul, 20 kg is gazi va uglerod oksidi gazi tarqaladi. Bu esa toza havoning ifloslanishi bilan birga, inson organizmida sil va saraton kasalliklarini keltirib chiqarishi bilan xavfli.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ekologiya, atrof – muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda “O‘zbekkosmos” agentligi mamlakatimizdagi barcha yerdan foydalanuvchilarni shu kabi noqonuniy holatlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi.
Mazkur huquqbuzarlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha jarimalar qo‘llanilishi hamda yong‘in sodir bo‘lgan g‘alla ekin maydonlarining har bir gektariga yetkazilgan zarar bo‘yicha amaldagi tartib asosida iqtisodiy choralar ko‘rilishi belgilangan.
Qolaversa, bu kabi holatlar Yer kodeksining 40- va 79-moddasi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasida ko‘rsatib o‘tilganidek, fermer xo‘jaligiga ajratilgan yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishda ekologik talablar va atrof-muhitni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilish majburiyatlari bajarilmaganini ifodalaydi.
Shu o‘rinda agentlik mas’ul xodimi qo‘shtirnoq ichidagi uddaburon fermer va tadbirkorlarga ham alohida murojaat qildi. Ya’ni, respublika miqyosida somon poyalari va ularning qoldiqlarini noqonuniy yoqish bilan bog‘liq holatlar bevosita “O‘zbekkosmos” tomonidan sun’iy yo‘ldosh suratlari orqali kunlik monitoring qilib boriladi. Ma’lumotlar esa huquq tartibot organlariga o‘z vaqtida taqdim etiladi.
N.Rahmonova,
O‘zA