Kuzatuv
Uyda uch bola qoldi. Er ko‘chada. U salqinroq joy topib, bir chekkada kutib o‘tiribdi.
Darvoqe, uning ayoli maktabda ishlaydi. O‘qituvchi bilan “qo‘sh ho‘kiz” bo‘lish qiyin ekan deydi nechanchi martadir o‘ziga o‘zi. Bular bunchalar testdan o‘tishni yaxshi ko‘radi-ya?! Bu o‘y va savolda zarracha norozilik yoki og‘rinish yo‘q edi. Aksincha, u bu haqda qachon o‘ylasa qandaydir mas’uliyat va g‘urur qorishib ketgan tuyg‘uni his qiladi.
Ayni kunlarda Bilim va malakalarni baholash agentligi binosi qarshisida shu kayfiyatda o‘tirganlar ko‘p. Kimdir opasi, kimdir ukasi, yana kimlardir kelinini… imtihonga kiritib yuborgan.
Bilimi zo‘rligi asoslangan o‘qituvchilarning maoshi ham shunga mos bo‘ladi. Ma’lum daraja uchun yetarli ballni to‘play olmaganlar esa maktabda faoliyat olib bora olmaydi. Bu adolatdan. Ta’lim sohasida yo‘lga qo‘yilgan ushbu yangi tizim bugun samarali ishlamoqda.
O‘rni kelganda shu holatga doir ba’zi raqamlarni keltirish joiz. Malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga o‘ndan ortiq ustama joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming nafar o‘qituvchi hozirda sakkiz - o‘n ikki million so‘m maosh olyapti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 may kuni maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.
Unda ta’limda amalga oshirilayotgan qator islohotlar va loyihalar haqida so‘z bordi. Istiqboldagi muhim vazifalar belgilandi. Shuningdek, pedagoglar ilmi, tajribasi va fidoyiligiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Islohot va natijalar o‘z-o‘zidan bo‘lmayotganini yana raqamlar misolida asoslaymiz. Keyingi yetti-sakkiz yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun mablag‘ ajratish yetti karra oshirildi. Bu joriy yilda mazkur sohaga oltmish trillion so‘m yo‘naltirilayotganini anglatadi. Maktablarda bir millionga yaqin, bog‘chalarda esa bir yarim millionta yangi o‘rinlar yaratildi. Bog‘cha bilan qamrov esa uch karra oshib, yetmish sakkiz foizga yetdi.
Prezident qaysi sohada bo‘lsa ham yutuqlarni e’tirof etish bilan birga kamchiliklarni ham alohida ta’kidlaydi. May oyidagi yig‘ilishda ham davlat rahbari sohada mavjud muammolarga oyna tutdi. Kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Boshqa yo‘nalishlardan ko‘ra, ta’lim sohasida islohotlarni amalga oshirish ancha mushkul. Bunda yetti o‘lchab, bir kesish lozim. Zero, farzandlar kamolotiga daxldor ishda turli tajribalar qilish yaramaydi. Shundan kelib chiqib, bugun ta’lim dasturlari eng ilg‘or mamlakatlar tajribasiga moslashtirilmoqda. Darsliklar yangilanib, maktablarga zamonaviy jihozlar olib berilayapti.
Lekin tizimdagi ba’zi pedagoglarning yangi metodikalarni o‘zlashtirishi, ta’lim sifatini ta’minlashi qiyin kechayotgani ham haqiqat.
Birgina misol. Ikki yil oldin toifa berish tizimi shaffof, raqamlashgan platformaga o‘tkazildi. Bu esa haqiqiy ahvolni yuzaga chiqardi.
Misol uchun, yig‘ilishda o‘tgan yili 341 ming o‘qituvchi yangi tizim asosida toifaga topshirgan bo‘lsa, shundan 102 ming nafari imtihondan o‘ta olmagani qayd etildi. Ishga olishda esa diplomga qarab emas, bilim va malakani baholash tizimiga o‘tilgani ham vaziyat qandayligini ko‘rsatdi.
Bu muammolar bugun yoki kecha osmondan tushib qolgani yo‘q. Ular ta’limga, maktabga, o‘qituvchiga ko‘p yillar yetarli e’tibor qaratilmaganining “meva”si sanaladi. Jamiyat esa yillar davomida yuzaga kelgan muammoning oson hal bo‘lganini ko‘rmagan.

So‘zimiz boshida ta’kidlanganidek natijalar o‘zimizniki, lekin kamchiliklar ham begona emas. Muhimi, bundan tegishli xulosa olingan. Muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Kelajak avlodni ilmli qilish yo‘lida tegishli vazirlik va idoralar hamda xalqning harakati uyg‘unlashsagina natija bo‘ladi. Kuzatuvlarimiz, soha vakillarimiz bilan muloqotlarimiz ana shu uyg‘unlikka guvoh.
Niyat yaxshi! O‘qituvchi ming dollardan ham ko‘p oylik olsin. Yoshlarimiz ustoz bo‘lishni orzu qilsin. Farzandlarimiz otam, onam maktabda ishlaydi deya faxrlansin.
O‘qituvchining izlanganidan faqat suyunish kerak. Bolaning qo‘liga kitob tutqazish lozim. Maktabning muqaddas dargohligi, unda mehnat qilayotganlar otadek ulug‘ligini chuqur anglashimiz shart. Aslida bu tuyg‘ular xalqimizga begona emas. Demak, natijalar uzoq kuttirmaydi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri