O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2025 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot muhokamasi davomida iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Energiya resurslari tariflari masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilganidek, energiya resurslari tariflari 1 maydan oshirilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan edi. Elektr energiyasi bo‘yicha bazaviy tarif stavkasi 200 kVt soatgacha elektr energiyasi ishlatilganda 450 so‘mdan 600 so‘mga oshirildi. 201 kVtdan 500 kVt soatgacha bo‘lsa, tarif 900 so‘mdan 800 so‘mga kamaytirildi. 501-1000 kVtgacha bo‘lsa, 900 so‘mdan 1000 so‘mga oshirildi.

Jami elektr energiya iste’molchilari 7,6 mln. bo‘lsa, ularning 70 foizgacha qismi 300 kVtgacha elektr iste’mol qiladi.
Vazirning ta’kidlashicha, tariflar kam miqdorda oshganiga qaramay, ijtimoiy himoya masalalariga e’tibor qaratilgan. Masalan, kam ta’minlangan oilaning oylik daromadi jon boshiga 1 milliondan kam bo‘lsa, 200 kVtgacha ishlatilgan elektr energiyasi to‘lovi bazaviy me’yor doirasida bo‘ladi. Bunga qo‘shimcha yana 200 kVt ishlatadigan bo‘lsa, 150 kVtning narxi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan to‘lab beriladi. Ya’ni, Ijtimoiy reyestrga kirgan oilaga ko‘mak beriladi. Agar o‘rta holatdagi oila 500 kVt elektr ishlatsa, uning oylik to‘lovi o‘zgarmasdan qoladi. Umuman, may oyidan boshlab elektr bo‘yicha oshirilgan tarif oilaga jiddiy xarajatlarni ko‘paytirmaydi.
Aprel oyidagi tegishli Prezident qaroriga ko‘ra, noyabrdan boshlab 1,3 million aholiga, ya’ni 13-14 foiz oilaga 1 million so‘mdan yordam berish ko‘zda tutilgan. Ushbu qarorga qo‘shimcha topshiriq sifatida kuz-qish mavsumigacha yana ko‘makka muhtoj aholining ro‘yxati qilinib, ularga ko‘mak berish rejalashtirilgan.
Shuningdek, vazir gaz iste’moli bo‘yicha tariflar haqida ham batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi.
M.Komilova,
O‘zA